Britaniyada karantin qoidalarini buzib, ziyofat uyushtirgan amaldor ishdan ketdi
Olam
−
09 dekabr 2021
4258Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning maslahatchisi Allegra Stratton lavozimini tark etdi.
Bunga ITV News kanali tomonidan e’lon qilingan videoyozuv sabab bo‘lgan. Unda Stratton o‘tgan yili koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘liqini avj olib, mamlakatda qat’iy karantin o‘rnatilgan vaqtda Bosh vazir devonida o‘tkazilgan Rojdestvo ziyofati haqida hazil qilganini ko‘rish mumkin.
“Mening so‘zlarim mamlakat aholisi o‘sha paytda amal qilgan qoidalarga hukumat beparvo munosabatda bo‘lgandek taassurot qoldirdi. Men buni umuman xohlamagandim va umrim oxirigacha aytganimdan afsuslanaman. Uyda qolib karantin qoidalariga rioya qilgan barchadan chuqur uzr so‘rayman. Hukumatda ishlash - bu katta imtiyoz. Men har doim to‘g‘ri ish qilishga, o‘zimni xushmuomala va odobli tutishga harakat qilib keldim”, deydi u.
Boris Jonson ham mojaroli video uchun uzr so‘rashga majbur bo‘ldi va voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga va’da berdi.
Shu bilan birga, Bosh vazir Dauning-strit 10 (Britaniya Bosh vaziri qarorgohi)da cheklovlar buziladigan ziyofat bo‘lmaganini, bu shunchaki hazil suhbatlar ekanligini ta’kidlagan.
“Men Dauning-strit xodimlari karantin cheklovlarini unchalik jiddiy qabul qilmaydi, degan taassurot qoldirganim uchun uzr so‘rayman. O‘zim ham Britaniya xalqi oldida uyatliman va buning uchun g‘azablanyapman. Lekin men takror aytamanki: qoidalar buzilmagan”, deydi hukumat yetakchisi.
“Daily Mirror” nashrining yozishicha, birga yashamaydigan londonliklarga yopiq bino ichida uchrashish taqiqlangan bir paytda Jonsonning o‘nlab xodimlari ziyofat qilgan.
Vedioyozuv oddiy britaniyaliklar va parlament a’zolari, jumladan, hukmron Konservativ partiya a’zolari orasida norozilik uyg‘otdi.
Bu mojaro ortidan aholi orasida hukumat amaldorlari o‘zlari o‘rnatgan qoidalarni mensimaydi degan tasavvur paydo qilib, rahbarlarga nisbatan ishonchsizlikni paydo qilgan.
Doston Iskandarov
LiveBarchasi