Cherkovdagi vahshiylik: Britaniyada deputat so‘yib tashlandi
Olam
−
15 Oktabr 2021
14593Buyuk Britaniya parlamentining Konservativ partiyasidan deputat Devid Emess pichoqlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda BBC News yozmoqda.
Qayd etilishicha, voqea Esseks grafligining Li-on-Si shahridagi cherkovda sodir bo‘lgan. Bu vaqtda deputat saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazayotgan bo‘lgan.
Esseks politsiyasining xabar berishicha, shifokorlar jabrlanuvchiga yordam berishga uringan, biroq u vafot etgan. Deputatning hamkasblari Twitter orqali marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirgan. Xususan, mamlakat Bosh vazirining o‘rinbosari Dominik Raab Emessni “buyuk inson, a’lo do‘st va ajoyib deputat”, deb atagan.
Xabarga ko‘ra, 25 yoshli gumonlanuvchi qo‘lga olingan, uning yonidan pichoq topilgan. Hozircha qotillikka nima sabab bo‘lgani aytilmayapti.
Ma’lumot o‘rnida, Devid Emess 1983 yildan buyon Britaniya parlamenti a’zosidir. Taxminan 40 yillik xizmati davomida u abortga qarshi kurash va hayvonlarni asrash bo‘yicha chiqishlari bilan mashhur bo‘lgan.
Emessga qilingan suiqasd oxirgi 5 yil ichida parlament a’zosiga nisbatan qilingan ilk qotillik bo‘ldi. Bundan avval, 2016 yilda 41 yoshli leyboristlar deputati Jo Koks Berstollda saylovchilar bilan uchrashgandan so‘ng o‘ldirilgan.
LiveBarchasi