Britaniyada Charlz III tasviri tushirilgan tangalarni chiqarish boshlandi
Olam
−
28 Oktabr 2022
2170Buyuk Britaniya qirollik zarbxonasi Buyuk Britaniyaning yangi Qiroli Charlz III tasviri tushirilgan 5 funtlik tangalarni chiqarishni boshladi. Bu haqda bugun, 28 oktyabr kuni “The Daily Telegraph” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu yil jami 9,6 million tanga zarb qilinadi. Ular dekabr oyida muomalaga chiqariladi. Tanga dizayni haykaltarosh Martin Jennings tomonidan ishlangan.
“Yangi davr boshlanmoqda va ko‘pchilik britaniyaliklar birinchi marta tangalarda yangi monarxning profilini ko‘rishadi”, deydi zarbxona muzeyi direktori Kevin Klensi.
Shuningdek, Britaniya tarixida rekord darajadagi 70 yil-u 7 oy hukmronlik qilgan Qirolicha Yelizaveta II ga hurmat belgisi sifatida tanganing orqa tomonida uning portreti tasvirlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda Buyuk Britaniyada marhum Qirolichaning surati aks ettirilgan 27 milliardga yaqin tangalar muomalada. Yelizaveta II hukmronligi davomida Britaniya tangalarida uning surati besh marta o‘zgargan. Uning portreti tushirilgan birinchi tangalar 1953 yilda toj kiyish marosimidan so‘ng, Qirolicha 27 yoshda bo‘lganida chiqarilgan. Yelizaveta portretlari 1 farting (1/4 tiyin), yarim penni va tiyin, uch va olti penni, bir va ikki shilling nominalidagi tangalarda, toj va yarim tojlarda, keyinroq oltin suverenlarda paydo bo‘lgan. Yangi dizayndagi tangalar 1968 yilda, qirolicha 42 yoshdaligida, keyin 1985 yilda, qirolicha 60 yoshga kirganida, va 1998 yilda – 72 yoshida paydo bo‘lgan. Qirolicha Yelizaveta II ning so‘nggi portreti Britaniya tangalarida 2015 yilda aks ettirilgan.
LiveBarchasi