Britaniya sudi Avenga qarshi sanksiyalarni yumshatdi
Olam
−
19 iyul 2022
4445London sudi rossiyalik tadbirkor Pyotr Avenga nisbatan Buyuk Britaniya sanksiyalarini yumshatib, muzlatilgan mablag‘larning bir qismini “asosiy xarajatlar”ni to‘lash uchun ishlatishga ruxsat berdi. Bu haqda bugun, 19 iyul kuni “Bloomberg” agentligi xabar berdi.
Vaziyatdan xabardor manbaga tayangan holda agentlik milliarderning oylik xarajatlari taxminan 140 ming funt sterlingni (hozirgi kurs bo‘yicha 168 ming dollar) tashkil etishini va bu mablag‘larning katta qismi Avenning san’at kolleksiyasini himoya qilish va sug‘urta qilish uchun zarur ekanligini yozadi. Sud qaroriga ko‘ra, tadbirkorning rafiqasi 15 mart kuni Aven Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan keyin Londonda yashovchi oilaning asosiy xarajatlarini to‘lagan.
Britaniyaning Milliy Jinoyat agentligi Avenning hisob raqamining qisman muzlatilishiga qarshi chiqdi va u sanksiyalardan qochishga uringanlikda gumon qilinayotgani uchun ularga kirish huquqiga ega bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning xatti-harakatlari bo‘yicha tergov olib borilmoqda.
Avvalroq, Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Aven, advokatlik firmalari qora ro‘yxatga kiritilgan rossiyaliklar bilan ishlashni istamagani sababli Britaniya sudlarida sanksiyalar qo‘llanilishiga e’tiroz bildirish nihoyatda qiyinligidan shikoyat qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar boshlaganidan bir necha kun o‘tib, Yevropa Ittifoqi Kremlga yaqin oligarxlarga sanksiya joriy qildi. Ular orasida, shuningdek, “Severstal”ning asosiy egasi Aleksey Mordashov, “Alfa-Bank” direktorlar kengashi raisi Pyotr Aven, “Alfa Group” kuzatuv kengashi rahbari Mixail Fridman, teleboshlovchilar Arkadiy Mamontov, Anton Krasovskiy, Roman Babayan, Olga Skabeyeva, Tigran Keosayan va violonchelchi Sergey Roldugin bor edi.
LiveBarchasi