Britaniya Rossiya yaqinidagi harbiylarini ikki baravar ko‘paytirmoqchi

Olam

image

London Estoniyadagi harbiy kontingenti sonini ikki barobarga oshirish va Ukraina atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq holda mudofaa qurollarini yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson matbuot xizmati xabar berdi.

“Bosh vazir NATOning barcha mumkin bo‘lgan yordamini ko‘rib chiqmoqda va ittifoqchilarini himoya qilish uchun Buyuk Britaniya armiyasini kuchaytirishga intilmoqda. Buyuk Britaniya Estoniyada qo‘shinlar sonini ikki barobarga oshirish va mudofaa qurollarini yuborishni ko‘rib chiqmoqda. NATOdagi ittifoqchilarni himoya qilish uchun samolyotlar, harbiy kemalar va harbiy mutaxassislar yuborilishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Britaniya vakillari kelasi hafta Bryusselda NATO vakillari bilan taklifning yakuniy tafsilotlarini kelishib olishadi, vazirlar ertaga, 31 yanvar kuni harbiy variantlarni muhokama qilishadi.

“Ushbu paket Kremlga aniq xabar beradiki, biz beqarorlashtiruvchi faoliyatga toqat qilmaymiz va Rossiyaning dushmanlik harakatlariga qarshi NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan doimo birga bo‘lamiz. Men kelasi haftada Yevropaga shaxsiy tarkib va texnika yuborishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdim. Shunday qilib, biz NATO ittifoqdoshlarimizni quruqlikda, dengizda va havoda qo‘llab-quvvatlay olamiz”, degan Jonson.

Qayd etilishicha, Britaniya kontingentining ehtimoliy qayta joylashtirilishi NATO va Buyuk Britaniyaning Skandinaviya va Boltiqbo‘yidagi hamkorlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kuchaytiradi. Bundan tashqari, Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles kelasi hafta Vengriya, Sloveniya va Xorvatiyaga tashrif buyuradi.

Ayni paytda Estoniyada 900 nafar, Ukrainada 100 nafar va Polshada 150 nafarga yaqin britaniyalik harbiylar joylashgan.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining 2015 yilda boshlangan Ukrainadagi Orbital o‘quv missiyasi doirasida 22 mingga yaqin ukrainalik harbiy xizmatchilar o‘qitildi, yanvar oyida Britaniya bu davlatga qo‘shimcha yangi harbiy instruktorlar va 2000 ta raketa jo‘natdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

213

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing