Britaniya 2023 yilda Ukrainaga harbiy yordam uchun qancha mablag‘ atagani aytildi
Olam
−
20 Sentabr 2022
6125Buyuk Britaniya 2023 yilda Ukrainaga harbiy yordam uchun kamida 2,63 milliard dollar sarflamoqchi. Bu haqda “Financial Times nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Liz Trass shu hafta BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasidagi nutqi chog‘ida Ukrainaga 2023 yilda 2,63 milliardga teng yoki undan ko‘p miqdorda mablag‘ berilishini e’lon qiladi.
Shuningdek, Trass o‘z nutqida G‘arb davlatlarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirishni rejalashtirmoqda.
Bosh vazir idorasi yil boshidan beri Britaniyaning Ukrainaga ajratgan harbiy yordami miqdori jami 2,8 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi.
Gazetaga ko‘ra, Britaniya joriy yilda Ukrainaga mablag‘ bergan davlatlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan.
Sentyabr oyi boshida Trass Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda uni Kiyev uzoq istiqbolda Londonning yordamiga ishonishi mumkinligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Boris Jonson iyun oyi oxirida London Ukrainaga qo‘shimcha 1 milliard funt sterling (1,2 milliard dollar) harbiy yordam berishini ma’lum qilgan edi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi