BRICS davlatlari iqtisodiy o‘sish bo‘yicha G7 davlatlaridan o‘tib ketadi – “Bloomberg”
Olam
−
21 aprel 2023 9436 2 daqiqa
BRICS davlatlari (Rossiya, Braziliya, Xitoy, Hindiston va Janubiy Afrika) 2023 yilda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha G7 davlatlaridan o‘tib ketadi. Bu haqda “Bloomberg” Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Nashrning bildirishicha, BRICS va G7 davlatlarining 2020 yilda jahon iqtisodiy o‘sishiga qo‘shgan hissasi bir xil darajada bo‘lgan. Biroq o‘shandan keyin G‘arb davlatlarining ko‘rsatkichlari pasaya boshlagan. 2023 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikada 32,1 foiz o‘sish, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSHda esa 29,9 foizni tashkil etadi. 2028 yilda BRICS ko‘rsatkichlari 33,6%, G7 — 27,8% darajasida bo‘ladi.
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy yaqin besh yil ichida jahon iqtisodiyotining o‘sishida asosiy rol o‘ynaydi. 2023–2028 yillarda mamlakatning jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sishidagi ulushi uning 22,6 foizini tashkil qiladi. Ikkinchi o‘rinni 12,9 foiz ko‘rsatkich bilan Hindiston, uchinchi o‘rinni 11,3 foiz bilan AQSH egallaydi. Indoneziya 3,6%, Germaniya va Turkiya — 2,1%. Rossiyaning jahon iqtisodiyoti o‘sishiga qo‘shgan hissasi esa atigi 1,6% bo‘ladi.
XVJning aprel oyidagi prognoziga ko‘ra, 2023 yilda jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 2,8 foizgacha (2022 yildagi 3,4 foizdan), 2024 yilda 3 foizgacha pasayadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Janubiy Afrika Respublikasi BRICS’ning 15-sammitiga mezbonlik qiladi. Iqtisodiy blokka Argentina, Eron, Indoneziya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Misr kabi davlatlar qo‘shilish istagini bildirmoqda.
Live
Barchasi