Braziliyada suv toshqini qurbonlari soni 150 dan oshdi
Olam
−
20 fevral 2022
3485Braziliyaning Petropolis shahrida kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan ko‘chki va suv toshqinlari qurbonlari soni 152 nafarga yetdi. Halok bo‘lganlarning kamida 27 nafari voyaga yetmaganlardir. Bu haqda “Globo” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, qutqaruvchilar vayronalar ostidan omon qolgan 24 kishini olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan, 165 nafari bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida.
Qidiruv ishlariga 500 nafar qutqaruvchi, 200 nafar politsiyachi, shuningdek, harbiy va ko‘ngillilar jalb qilingan. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, fojiadan to‘rt kun o‘tib tirik qolganlarni topish imkoniyati 7 foizdan oshmaydi.
Shtat gubernatori Klaudiu Kastruning ta’kidlashicha, bunday kuchli yomg‘ir yog‘ishi 1932 yildan beri kuzatilmagan edi.
Mamlakat Favqulodda vaziyatlar xizmatlari 190 ga yaqin ko‘chkilar va 230 ga yaqin kichik hodisalar haqida ma’lumot olgan. 80 ta turar-joy binosiga zarar yetgan, ulardan kamida 54 tasi butunlay vayron bo‘lgan. Joriy yilning 15 fevral kuni olti soat ichida 260 mm yomg‘ir yog‘gan (oylik me’yordan ortiq).
Shahar hokimiyati motam va favqulodda holat joriy qildi. Keyingi kunlarda sinoptiklar ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Braziliyaning shimoliy, markaziy va janubi-sharqiy qismlarida dekabr oyining oxiridan mart oyining oxirigacha bo‘lgan vaqtda yog‘ingarchilik ko‘p kuzatiladi. Ular Amazonning ekvatorial o‘rmonlaridan janubi-sharqiy yo‘nalishda Atlantika okeani tomon iliq, nam havo harakati natijasida yuzaga keladi. 2020 yil yanvar oyida mamlakat janubi-sharqida tabiiy ofat 66 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 2021 yil noyabr oyidan ya’ni yomg‘irli mavsum boshlanganidan beri Baxiya, Minas-Jerais, Rio-de-Janeyro va San-Paulu shtatlarida 150 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
2011 yilning yanvar oyida kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan ko‘chki va suv toshqinlari natijasida Rio-de-Janeyroning tog‘li hududlarida 900 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 100 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan, 35 mingga yaqin aholi boshpanasiz qolgan.
LiveBarchasi