Braziliyada so‘nggi 90 yillikdagi eng kuchli yog‘ingarchilik boshlandi. 100 dan ortiq qurbon bor

Olam

image

Braziliyaning Petropolis shahrida kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan ko‘chki va suv toshqinlari qurbonlari soni 104 nafarga yetdi. Halok bo‘lganlarning kamida sakkiz nafari voyaga yetmaganlardir. Bu haqda “Globo” nashri xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda 35 kishi bedarak yo‘qolgan, ularni qidirish ishlari davom etmoqda. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan omon qolgan 24 kishini olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Qidiruv ishlarida 400 nafar qutqaruvchi, 200 nafar politsiyachi, harbiylar va ko‘ngillilar ishtirok etmoqda.

Shtat gubernatori Klaudiu Kastruning ta’kidlashicha, bunday kuchli yomg‘ir yog‘ishi 1932 yildan beri kuzatilmagan edi.

Mamlakat Favqulodda vaziyatlar xizmatlari 190 ga yaqin ko‘chkilar va 230 ga yaqin kichik hodisalar haqida ma’lumot olgan. 80 ta turar-joy binosiga zarar yetgan, ulardan kamida 54 tasi butunlay vayron bo‘lgan. Joriy yilning 15 fevral kuni olti soat ichida 260 mm yomg‘ir yog‘gan (oylik me’yordan ortiq). 

Shahar hokimiyati motam va favqulodda holat joriy qildi. Keyingi kunlarda sinoptiklar ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Ayni damda Moskvada bo‘lib turgan Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaro ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga federal yordam ko‘rsatish, shuningdek, yomon ob-havo oqibatlarini harbiylar ishtirokida bartaraf etishni buyurganini aytdi. 

Bolsonaroning Rossiya va Vengriya safaridan qaytganidan so‘ng shaharga tashrif buyurishi kutilmoqda. Rossiya yetakchisi Vladimir Putin fojia munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Ma’lumot uchun, Braziliyaning shimoliy, markaziy va janubi-sharqiy qismlarida dekabr oyining oxiridan mart oyining oxirigacha bo‘lgan vaqtda yog‘ingarchilik ko‘p kuzatiladi. Ular Amazonning ekvatorial o‘rmonlaridan janubi-sharqiy yo‘nalishda Atlantika okeani tomon iliq, nam havo harakati natijasida yuzaga keladi. 2020 yil yanvar oyida mamlakat janubi-sharqida tabiiy ofat 66 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 2021 yil noyabr oyidan ya’ni yomg‘irli mavsum boshlanganidan beri Baxiya, Minas-Jerais, Rio-de-Janeyro va San-Paulu shtatlarida 150 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

2011 yilning yanvar oyida kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan ko‘chki va suv toshqinlari natijasida Rio-de-Janeyroning tog‘li hududlarida 900 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 100 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan, 35 mingga yaqin aholi boshpanasiz qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

51

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing