Bred Pitt dardi bedavoga yo‘liqqanini tan oldi

Madaniyat-san’at

image

Gollivud yulduzi Bred Pitt “GQ” jurnaliga bergan intervyusida bir necha yildan buyon hali davosi topilmagan va kamyob kasallikdan aziyat chekayotganini ma’lum qildi. 

Kinoyulduz prozopagnoziya kasalligiga chalingan bo‘lib, ushbu xastalikning asosiy belgisi boshqa insonlarning yuzlarini taniy olmaslik va chehralarni ajratolmaslikdir.

Intervyuda, Bred Pitt, odamlarning yuzlarini yaxshi ajratolmasligi sabab bayramlar, ziyofatlar, ayniqsa, ommaviy tadbirlarda qiynalishi, o‘zini noqulay his qilishini aytgan

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaqtda atrofdagilar aktyorni sovuqqonlik, bee’tiborlik va takabburlikda ayblaydi. 

Hali shifokorlar Pittda ushbu kasallik kechayotgani yuzasidan aniq xulosa bermagan. Biroq ikki karra “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan dunyo yulduzining o‘zi prozopagnoziyaga chalinganiga ishonadi. U intervyuda odamlardan bu vaziyatda uni to‘g‘ri tushunishlarini so‘ragan va o‘zi kabi kasallik bilan kurashayotgan bemorlar bilan ko‘rishish niyatida ekanini bildirgan.

Prozopagnoziya kasalligi haqida

Bu kasallikka chalingan odamlar yuz va chexralarni idrok eta olmaydilar.

Yuzlarni taniy olmaslik XIX asrda Xyulings Jekson va Jan-Marten Sharkoning izlanishlari natijasida fanga ma’lum bo‘lgan. 1947 yilda nemis nevrologi Yoaxim Bodamer tomonidan ushbu kasallikka prozopagnoziya nomi berilgan.

Kasallikning orttirilgan shakli miya shikastlanishidan kelib chiqadi va ko‘pincha kattalarda uchraydi. Shaxsda yuzlarni tanib olish qobiliyati bolalikdan yetarli darajada rivojlanmasligi esa tug‘ma prozopagnoziya deyiladi.

Ushbu kasallikni davolash uchun bir nechta urinishlar bo‘lgan bo‘lsa-da, hech qanday terapiya prozopagnoziklar guruhida ijobiy natija ko‘rsatmagan. Umumiy miqyosda qabul qilingan davolash usullari ham mavjud emas. 

Prozopagnoziklar ko‘pincha “bo‘lak-bo‘lak” yoki “xususiyatlar bo‘yicha” tanib olish strategiyalaridan foydalanishni o‘rganadilar. Bu kiyim, yurish, soch va terining rangi, tana shakli va ovozi kabi ikkilamchi xususiyatlarni o‘z ichiga olishi mumkin. 

Germaniyadagi ko‘plab talabalarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda, yuzni aniqlash qobiliyatining sustligi darajasini 2% dan 2,5% gacha ekanligi aniqlangan. Ya’ni, har 50 kishidan birida prozopagnoziya kasalligi bo‘lishi mumkin. Buyuk Britaniya misolida taxminan 1,5 million odamda ushbu kasallikning belgilari yoki alomatlari borligi aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

838

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing