Boy davlatning “kambag‘al” prezidenti – Halima Yoqub. Nega uni hamma yaxshi ko‘ryapti? 

Bu qiziq

Boy davlatda yashaydi, ammo xashamatlarsiz hayot kechiradi. O‘ta mas’uliyatli vazifani bajaradi, lekin u ayol kishi. U Prezident, biroq oddiy va arzon kiyimlar kiyadi. Ha, dunyoda shunday prezidentlar ham bor. Gap eng boy davlatlardan biri bo‘lgan Singapurning Prezidenti Halima Yoqub haqida ketmoqda.

Qorovulning qizi 

Halima Yoqub 1954 yilning 23 avgustida Singapurning Queen Street ko‘chasida tug‘ilgan. U oddiy oilaning farzandi – otasi Yoqub hind, onasi esa malay bo‘lgan. Otasi qorovul bo‘lib ishlagan, biroq Halima 8 yoshga to‘lganida u bedarak yo‘qoladi va shundan so‘ng, besh farzandning tarbiyasi onasining qo‘lida qolib ketadi. Oila bir xonali uyda yashagan va Halima 10 yoshidan boshlab onasiga non topishda ko‘maklashgan. Oilaning moddiy imkoniyati xavas qilarli darajada bo‘lmasa ham Halima jon-jahdi bilan o‘qishga kirishadi, qashshoqlik va qiyinchiliklar bilan Singapur Milliy universitetining huquqshunoslik yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. 1978 yilda bakalavr, 2001 yilda esa huquq yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik darajasini oldi. 2016 yil 7 iyuldan u Singapur Milliy universitetining yuridik fanlari doktori faxriy darajasiga ham ega bo‘ldi.

“Singapurda voyaga yetganim uchun Allohga hamdlar bo‘lsin! Mening oilam kambag‘al bo‘lishiga qaramay, yaxshi ta’lim olishga harakat qildim va uddaladim. Natijada bu mening siyosiy kareram uchun ilk qadam bo‘ldi va kambag‘allarga yordam berishga imkon yaratdi”, deydi Singapur Prezidenti Halima.

Tanish-bilishlarsiz lavozimga ko‘tarilish

Halima xonim o‘z karerasini Singapur Milliy kasaba uyushmalari kongressida boshlagan. Bilimli va tirishuvchan bo‘lgani sababli ko‘zga tashlangan va 2001 yilda u parlament deputati etib saylangan. Faqat o‘z kuchi bilan yuqori davlat lavozimlarigacha ko‘tarila olgan. 2011 yil o‘tkazilgan saylovlardan so‘ng, u Ijtimoiy rivojlanish, yoshlar va sport vaziri, keyinchalik esa Ijtimoiy siyosat va oila vaziri lavozimlariga tayinlandi.

2013 yil 8 yanvarda u Bosh vazir Li Syanlun tomonidan parlament raisligiga taklif qilindi, o‘sha yilning 14 yanvarida u Singapur Parlamenti raisi etib saylandi. Shu tariqa Halima Yoqub Singapur tarixidagi birinchi ayol parlament spikeri bo‘ldi.

Lekin Yoqub xonimning karera cho‘qqisi hali bu emasdi, u Prezident bo‘lishga qaror qildi. 

2017 yil 6 avgustda esa u prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun parlament raisi lavozimini tark etdi. 

Nomzodlikka ko‘rsatilishidan biroz oldin u 2001 yildan beri a’zo bo‘lgan “Xalq harakati” partiyasini tark etgandi.

Prezidentlik talablariga javob bera olgan yagona nomzod

Halimaning saylovoldi tashviqoti xarajatlari uchun Singapur g‘aznasi 754 982 dollar ajratadi. Ammo kamsuqum nomzod hali prezident bo‘lmay turib xalq mablag‘larini ortiqcha sarflashni istamaydi va ajratilgan mablag‘ning atigi 220 875 dollari yoxud 30 % ini ishlatadi. 

2017 yilgi Singapur prezidentligi uchun nomzodlar soni 5 nafar edi. Halima xonimdan boshqa 4 nomzod prezidentlikka da’vogarlik qilar, biroq ular nomzodlarga qo‘yiladigan talablarga javob bermagani uchun saylovdan chetlashtirildi. Chunki Singapur prezidenti bo‘lish  uchun nomzod davlat xizmatida ish tajribasiga ega bo‘lishi yoki kapitallashuvi 500 million Singapur dollari (taxminan 371 million AQSH dollari)dan oshgan kompaniyaga rahbarlik qilishi kerak bo‘lgan. Boshqa nomzodlar talabga javob bermagach, barcha talablarga javob bera oladigan yagona nomzod Halima Yoqubning g‘alabasi e’lon qilindi. U esa o‘z kompaniyasini “Yaxshilik qiling, birga ishlang” shiori ostida oldinga boshladi.

Halima Yoqub xonim 2017 yilda lavozimga o‘tirishi bilan fuqarolariga qarata shunday degandi:

“Men singapurliklarni prezident sifatida ishontiramanki, irqi, tili, dinidan qat’i nazar har biringizga xizmat qilaman. Tashvishim – Singapur xalqining turmush darajasini ko‘tarish!”

Gapiga javob beradigan prezident

Halima Yoqub prezidentlik kursisini egallab olganidan so‘ng o‘z va’dalarini unutib yubormadi, so‘ziga sodiq qoldi. Halima prezidentlik qilgan 5 yil davomida:

1. Singapurning yillik kirim miqdori 2 trillion dollardan oshdi.

2. Singapur fuqarosining yillik daromadi 85 000 dollardan yuqoriladi.

3. Mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 400 mlrd dollarga yaqin.

4. Aholi jon boshiga YAIM esa 73 ming dollar atrofida va bu bo‘yicha dunyoda kuchli beshtalikka kiradi.

5. Singapur pasporti dunyodagi eng qimmat pasport hisoblanadi.

6. Ishsizlik atigi 1%.

5. U o‘n mingga yaqin katta korxonalar ochdi.

6. Singapurda buzg‘unchilik va korrupsiya yo‘qoldi.

7. Singapurdagi ishlab chiqarish korxonalariga solingan barcha soliqlar bekor qilindi.

Xullas, haqiqiy prezident qilishi kerak bo‘lgan ishlarni u allaqachon o‘z mamlakati uchun qilib bo‘lgan. Garchi, Singapur prezidentlik emas, parlament Respublikasi hisoblansa ham, mamlakatni asosan Bosh vazir boshqarsa ham Halima Xonim singapurliklar hayotini yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rib kelmoqda. Shuning uchun vakolatlari keng bo‘lmasa ham uning mamlakatdagi nufuzi juda yuqori. Halima Yoqub iqtisodiyot va kuchishlatar tizimlar faoliyatiga bevosita aralashmaydi. U asosan tashqi siyosat, ichki osoyishtalik, fan, ta’lim, dinlararo munosabatlarni mustahkamlash, madaniyat va san’at kabi yo‘nalishlarda islohotlarni amalga oshirib keladi. Uning sa’y-harakatlari bilan bugun Singapur aynan ilm-fan ortidan taraqqiyotga erishgan davlatdir. 

Rahbarlik oilada o‘tmaydi

Halima kelib chiqishi arab bo‘lgan Muhammad Abdulloh Alhabshi bilan turmush qurgan va ularning besh nafar farzandi bor. Ular bitta universitetda - Muhammad Singapur Milliy universitetini fizika fakultetida, Halima esa huquqshunoslik fanlari bo‘yicha bakalavr bosqichida tahsil olgan. U oshxonada o‘zi ovqat pishiradi va boshqa ro‘zg‘or ishlarini ham oila birgalikda bajaradi. Prezident sifatida qasamyod qilganidan so‘ng, u Uy-joy va rivojlanish kengashining kamtarona kvartirasida yashovchi birinchi prezident sifatida tanilgan. Uning kvartirasi Yishun shahridagi bitta 5 xonali va bitta 4 xonali kvartiradan iborat. Uy o‘rta devorni buzish orqali birlashtirilgan. Halima avvalroq u vakolat muddati davomida Uy-joy va rivojlanish kengashining kvartirasidan ko‘chib o‘tmasligini aytdi. Biroq, 2017 yil 2 oktyabrda Ichki ishlar vazirligi xavfsizlik idoralari tomonidan aniqlangan xavfsizlik tahdidlari tufayli u jamoat uyidan ko‘chib o‘tishini e’lon qildi.

O‘zbekistonliklarning xavasini keltirgan rahbar

Bugun o‘zbekistonliklar orasida ana shu kamtar Halima Yoqubning O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgani kun mavzusiga aylanib ulgurdi. Mamlakat aholisi uning har bir qadamini katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Nega deysizmi? Chunki badavlat mamlakatning Prezidenti Toshkentga maxsus, qimmatbaho, zirhli samolyotda emas, o‘zimizning UzAirways’ning doimiy reysida keldi.

Internet ma’lumotlariga ko‘ra, Singapur Prezidenti, Bosh vaziri va rasmiy shaxslari odatda qaysidir davlatga safar qilsa, doimiy yo‘lovchi reyslarga chiqishadi. Chipta pulini o‘z cho‘ntaklaridan to‘laydi va samolyotda boshqa yo‘lovchilar bilan birga o‘tiradi. Ular asosan mamlakatning milliy aviakompaniyasi – Singapore Airlines xizmatlaridan foydalanadi, yo‘nalishga qarab boshqa tashuvchilarning muntazam reyslarida ham uchishadi. 

Halima Yoqub dastavval, 21-23 may kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifini amalga oshirdi. 23 may kuni esa O‘zbekistonga keldi. Shunday qilib u Singapurning Markaziy Osiyoga kelgan birinchi prezidenti bo‘ldi. 

Singapur Prezidenti va uning turmush o‘rtog‘ini O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov dabdaba bilan kutib oldi.

Halima Yoqubni birinchi bo‘lib “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga olib borishdi. U yerda Singapur delegatsiyasi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

24 may kuni esa “Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Prezidenti Halima Yoqub o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunida jami 7 ta muhim hujjatlar imzolandi.

25 may kuni esa Singapur Prezidenti Halima Yoqub o‘zbekistonliklarni yana bir bor hayron qoldirdi. U bu safar Samarqand shahriga “Afrosiyob” poyezdida oddiy yo‘lovchilardek yo‘lga chiqdi. Oliy martabali mehmonni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov kutib oldi. Hayron qolgan Turdimov qayta-qayta “Xush kelibsiz, Halima xonim” deyishdan charchamadi.

Singapurlik Prezident o‘zining Samarqandga tashrifini Islom olamining muqaddas qadamjolaridan biri bo‘lgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish bilan boshladi. U yerda buyuk muhaddis haqiga Qur’on  tilovat qilindi. 

Undan keyin esa Halima Yoqub va uning turmush o‘rtog‘i birgalikda Sohibqiron Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi.


Singapur Respublikasi prezidenti Halima Yoqubning O‘zbekistonga davlat tashrifi hali o‘z yakuniga yetgani yo‘q. Ko‘ramiz, bu kamtar prezident umri davomida bu darajada kamsuqum amaldorlarni ko‘rmagan o‘zbekiston aholisini yana qanday hayratga solar ekan? Prezident Halima Yoqubning o‘zini tutishi, har qadamda xalqi puliga xiyonat qilmayotganini ko‘rib turganlar unga o‘xshash, undan o‘rnak olish kerakligi haqida bosh qotiryaptimikan?


Maqola muallifi

Teglar

Halima Yoqub

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar