“Bosqinchi davlatlar”dan tovon puli talab qilinmoqda

Olam

image

Barbados Bosh vaziri Mia Mottli qul savdosidan jabr ko‘rgan davlatlar uchun tovon puli undirish bo‘yicha global muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi.

Joriy yilning 6-dekabr kuni London Iqtisodiyot maktabida so‘zlagan nutqida Barbados Bosh vaziri Mia Mottli Buyuk Britaniyani transatlantik qul savdosi uchun 4,9 trillion dollar tovon to‘lashini talab qildi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu qarzni qanday to‘lash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish “qiyin va vaqt talab etadi”.

“Biz tovon to‘lovi bir yil, ikki yoki besh yil ichida to‘lanishini kutmayapmiz, chunki boyliklarni qazib olish va zararlar asrlar davomida sodir etilgan. Lekin biz bunga jahon hamjamiyatining e’tibor qaratishini istaymiz”, deydi Bosh vazir.

Bir kun oldin Mottli Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron bilan uchrashib, mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi, ammo Kemeron Britaniyaning qullik bilan bog‘liq qarzi bo‘yicha pozitsiyasi haqida tafsilotlarni ommaviy axborot vositalariga oshkor qilmadi va faqatgina “Tashqi ishlar vaziri bu masala bo‘yicha o‘z qirolligidan ko‘rsatma” kutishini aytdi.

O‘z navbatida Qirol Charlz Buyuk Britaniyaning qul savdosidagi rolini tan oldi va qullik ortidan yetkazilgan adolatsizlik va azob-uqubatlardan afsusda ekanligini ochiqchasiga izhor qilib, moliyaviy tovon to‘lash haqida esa hech qanday izoh bermadi.

U 2018-yilda Ganadagi nutqida qullikni qoralab, uni hech qachon unutib bo‘lmaydigan “dahshatli vahshiylik” va “chuqur adolatsizlik” deb atagan bo‘lsa, joriy yilning iyun oyida Ruandada qilgan chiqishida “o‘tmishni tan olish” muhimligini, shu jumladan qullikni “og‘riqli davr” deb ataganini aytdi.

Taxminan 3,1 million afrikalik Britaniya imperiyasi davrida qullik savdosiga duchor bo‘lgan, ulardan 2,7 millioni Britaniyaning Karib dengizi, Shimoliy va Janubiy Amerikadagi koloniyalariga va 150-yil davomida boshqa joylarga yuborilgan. Qul savdosi 1807-yilda Britaniya parlamenti tomonidan bekor qilingan.

2018-yilda orol davlatining rahbari bo‘lganidan beri Mottli mustamlakachilik merosi haqida bong urib, imperiya tomonidan yetkazilgan zararni qoplashni talab qilib kelmoqda.

Transatlantik qul savdosi xarajatlarini tahlil qilgan Brattle Group hisobotidagi raqamlarga tayanib, u Buyuk Britaniyaning transatlantik qullikdan jabrlangan 14 mamlakatga tovon puli uchun 24 trillion dollar qarzi borligini, Ispaniyaning 17,1 trillion dollar, Fransiyaning 9,2 trillion dollar va Niderlandiyaning esa 4,86 trillion dollar qarzi borligini aytdi.

“Bu raqamlar, agar kontekstdan olinsa, hayratlanarlidek tuyulishi mumkin. Ammo ma’lum vaqt davomida to‘plangan jami boylikka nisbatan bu raqamlar juda kam", dedi Mottli.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak aprel oyida qul savdosi uchun uzr so‘rash yoki tovon puli taklif qilishdan bosh tortib:

“Tariximizni ochishga urinish — bu to‘g‘ri yo‘l emas va o‘z kuchimizni qaratishga arzimaydi", degandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Sulaymoniyning huni uchun AQSHdan 50 milliard talab qilayotgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosqinchi davlatlar Mia Mottli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar