Boshqa yo‘limiz yo‘q – Norboyevaning tanqidlari Ortiqxo‘jayevga tegishlimi?

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Yalpi majlis avvalida Senat raisi Tanzila Norboyeva rahbarlarning ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muloqotiga e’tibor qaratdi. Jumladan u shunday deydi: 

“Davlatimiz rahbari Inson manfaatlari xamma narsadan ustun degan tamoyilni birinchi kundan boshlab ilgari suryaptilar. Eng avvalo jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, OAV erkinlini ta’minlash – islohotlarimizning asosiy masalalari ekanligini xammamiz yaxshi bilamiz.

Bu masalalarga e’tibor berilmasa, huquqiy davlat sifatida rivojlana olmaymiz, oldinga yura olmaymiz”.

Norboyeva so‘zida davom etarkan, bugungi davr mansabdorlardan, davlat tashkilotlaridan ochiqlik va oshkoralikni talab qilayotganini urg‘uladi. 

“Mamlakatni yanada rivojlantirish bizdan yangicha yondashuvlarni, birinchi navbatda – hokimiyat faoliyatining shaffofligini, oshkoraligini talab qilmoqda.

Rahbarlarning xalq uchun ochiqligi, jamiyatimizning barcha sohalarida ochiqlik – bugungi bugungi kun talabi. Boshqa yo‘limiz yo‘q va bunga ko‘nikib, ishimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak.

Bugun biz odamlar bilan kundalik muloqot qilib, ularning muammolarini shunchaki tinglashimiz emas, balki diqqat bilan quloq tutib, ularni tezlik bilan hal qilishimiz kerak”, deydi Senat raisi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bundan bir necha kun avval aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektor majlisida rahbarlarni tanqid qilib, ularda OAV bilan muloqot qilish ko‘nikmasi yo‘qligi, ko‘pchilik tanqidlarga nisbatan og‘ir, bosiq bo‘la olmayotganini aytgan edi. Norboyeva aynan shu gaplarni esladi:

“Shu o‘rinda aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektor majlisida Davlatimiz rahbari eskicha boshqaruv usullaridan qat’iy voz kechishimiz, demokratik rivojlanayotgan bugungi davrga mos bo‘lishimiz kerakligiga yana bir bora urg‘u berdilar.

Bizning avvalgi yopiqligimiz, odamlar bilan, ayniqsa OAV vakillari bilan muloqotga chiqmasligimiz, korrupsiya xolatlari xayotimizdan umuman chiqib ketishi kerak. 

O‘zingiz o‘ylang, hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga birgina qo‘pol harakatimiz, nojo‘ya gaplarimiz bilan qanchalik dog‘ tushirishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari OAV islohotlardagi alohida o‘rni borligini ham to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdilar. Bugun jurnalistlarimiz aholini bezovta qilayotgan muammolarga barcha rahbarlarning e’tiborini qaratmoqdalar, ular nafaqat muammolarni qayd etmoqda, ularning yechimi yuzasidan yangi, nostandart g‘oyalarni ham taklif qilmoqdalar. 

Shuning uchun xalqimiz bilan, jurnalistlarimiz bilan muloqot qilishni odat qilishimiz, muomala madaniyatiga, etika qoidalariga qat’iy amal qilishimiz zarur. 

Turli OAV, shu jumladan, xorijiy OAV tomonidan bildirilayotgan tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilib, ochiqlik va erkin fikr bildirilishini demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri sifatida qabul qilishimiz kerak”.   

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga qarata aytgan tahdiddi gaplari audiosi internetda tarqalib, ummon ortigacha yetib borgandi. Mazkur hodisaga YeXHT vakili, Buyuk Britaniya va AQSH elchilari munosabat bildirdi. Jurnalistlarga nisbatan tahdid qattiq qoralandi. Ammo masalaga Hukumat va Senat darajasida munosabat bildirilmagan bir vaqtda, Prezident Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida ushbu masalani ko‘tarib, davlat idoralari rahbarlarini yana bir bor sergak, madaniyatli bo‘lishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

531

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing