“Boshga bitgan balo”. Koronavirus aviakompaniyalar oyog‘iga “bolta urmoqda”

Olam

image

Koronavirus dunyo bo‘ylab parvozlarning rekord darajada bekor bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Kecha, 27 dekabr kuni dunyo bo‘ylab 2 200 dan ziyod reyslar qoldirilgan. Qoldirilgan parvozlarning eng ko‘pi AQSH va Xitoy aviakompaniyalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. 

AQSH havo yo‘llari ma’muriyatining ma’lum qilishicha, reyslarning bekor qilinishiga test topshirgan yo‘lovchilarda virus aniqlanishi yoki aholining ommaviy ravishda karantinga olinishi sabab bo‘lmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Xitoyga qarashli aviakompaniyalar yo‘qotishlar borasida yetakchilik qilmoqda. 27 dekabr kuni birgina Pekin va Shanxay aeroportlarining o‘zida 300 dan ortiq parvozlar qoldirilgan. Bunga, mamlakat bo‘ylab yangi kasallanish holatlarining soni ortishi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Qayd etilishicha, virusning ommaviy ravishda tarqalishi sababli Xitoyning Xi shahrining o‘zida 13 mln kishiga uy karantinida o‘tirish buyurilgan.

Janubiy Koreyadan uchib kelgan yo‘lovchilar orasida virusga chalinganlar aniqlangani ortidan Gonkong “Korean Air Flights”ning barcha reyslariga ikki haftalik cheklov joriy qilgan.

24 dekabr kunidan buyon dunyo bo‘ylab bekor qilingan parvozlar soni 8 000 dan oshib ketgani bildirilmoqda. 

Britaniyaning “British Airways” kompaniyasi 27 dekabr kuni 40 dan ortiq reyslar qoldirilgani haqida ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, dengizda turistik xizmatlar ko‘rsatuvchi kruiz laynerlari ham virus yetkazayotgan zarardan bebahra qolishmayapti. Qo‘shma Shtatlar hukumatining ma’lum qilishicha, mamlakat sohillari bo‘ylab suzib yuruvchi o‘nlab laynerlarda yangi kasallanish holatlari aniqlangani sabab, ular Karib dengizi sohillariga kiritilmayapti.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bildirishicha, butun dunyo bo‘ylab virusning yangi shtammi “omicron” juda katta tezlik bilan tarqalmoqda. 

Amerikaning Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshidan buyon, dunyo bo‘ylab qariyb 5,4 million odam koronavirusga chalinib vafot etgan. Uni yuqtirib olish bilan bog‘liq 280 millionga yaqin holatlar qayd etilgan.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

81

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing