Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi 8 tadan 4 taga qisqardi
Jamiyat
−
24 dekabr 2022
154062023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlar Mahkamasi/Hukumat) a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi tizimi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan kecha, 23 dekabr kuni imzolangan “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda aytilgan.
Hukumatda amaldagi 8 nafar Bosh vazir o‘rinbosari va 3 nafar Bosh vazir maslahatchisi lavozimlaridan faqat 4 nafar Bosh vazir o‘rinbosari qoldirilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida vazir yoki boshqa rahbarlik lavozimini egallamaydi hamda vazirliklar va boshqa davlat idoralari faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarmaydi.
Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida amaldagi 269 ta shtatdan 120 tasi qoladi. Bunda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limidan iborat Vazirlar Mahkamasi apparati tugatilmoqda.
Uning o‘rniga Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinmoqda.
Belgilansinki, Hukumat a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari:
• tegishli sohada yagona davlat siyosatini olib borish va uni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun mas’ul va javobgar hisoblanadi;
• tizimdagi kadrlar siyosatining Vazirlar Mahkamasi apparatidan mustaqil ravishda davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq yuritilishini ta’minlaydi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda Hukumat vakolatlariga oid boshqa dolzarb masalalarni (keyingi o‘rinlarda – masalalar) Vazirlar Mahkamasiga kiritish, ko‘rib chiqish va axborot berishning quyidagi tartibi joriy qilinmoqda:
a) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va masalalar Hukumatga bevosita vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari tomonidan belgilangan tartibda kiritiladi.
Bunda, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa masalalar tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirayotgan vazir yoki boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari orqali kiritiladi;
b) kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentiga ko‘rib chiqish, moliyaviy-iqtisodiy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, tartibga solish ta’siri va manfaatlar to‘qnashuvini baholash hamda axborot berish uchun kiritiladi;
v) axborot berishga tayyor bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa masalalar Vazirlar Mahkamasida kollegial tarzda ma’qullanadi yoki rad qilinadi;
g) ma’qullangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda, zarur hollarda, boshqa masalalar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi (yoki qabul qilinadi);
d) Vazirlar Mahkamasida masalalarni kollegial tarzda ko‘rib chiqishda, zaruratga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari taklif qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kiritish, ko‘rib chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishishning aniq tartibi va muddatlarini, ularning ijrosini nazorat qilishni nazarda tutuvchi Hukumatning yangilangan reglamentini kiritadi.
• Bosh vazirning amaldagi o‘rinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi va uning o‘rinbosarlari yangi tizim ishga tushgunga qadar yuklatilgan vazifalarning to‘liq hajmda va sifatli bajarilishini ta’minlaydi;
• Vazirlar Mahkamasi apparatining tuzilmalarini maqbullashtirish munosabati bilan bo‘shayotgan mablag‘lar Bosh vazir kotibiyati o‘rnak ko‘rsatgan boshqaruv xodimlarining natijadorligi asosida qo‘shimcha rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Adliya vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
• Vazirlar Mahkamasida qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarining amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi;
• amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlardan kelib chiqib komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqa kollegial organlarga rahbarlarni qayta taqsimlash bo‘yicha taklif kiritadi.
Hozirgacha Bsh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida Ochilboy Ramatov, Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida Jamshid Qo‘chqorov, Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida Shuhrat G‘aniyev, Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida Jamshid Xo‘jayev, Bosh vazir o‘rinbosarlari lavozimida Aziz Abduhakimov, Zalayxo Mahkamova, Bosh vazirning yoqilg‘i-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida Jo‘rabek Mirzamahmudov ishlab kelayotgan edi.
LiveBarchasi