Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hammasini aytdi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil birinchi yarmida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti parlamentda eshitildi. Hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov taqdim etdi.

Abduhakimovga ko‘ra, 2019 yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sgan. Xususan, sanoat tarmoqlari 6,9 foiz, jami xizmatlar – 12,7 foiz, chakana savdo aylanmasi – 6,4 foiz hamda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 2,1 foizga ortishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omili sifatida xizmat qildi. Mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1,6 baravarga, qurilish ishlari hajmi esa 20,0 foizga o‘sdi.

Davlat byudjetining 2019 yil yanvar-iyun oylarida daromadlari 50,7 trln. so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 marta ko‘p), xarajatlari esa, 55,3 trillion so‘mni tashkil etdi. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida eng yuqori ulush (54,4 foiz) ijtimoiy xarajatlarga to‘g‘ri keldi. Mahalliy hokimiyat organlarining mahalliy byudjet daromadlarini shakllantirishdagi erkinligi sezilarli darajada oshirildi.

Deputatlar bugungi iqtisodiy taraqqiyotning muhim bo‘g‘inlaridan hisoblangan turizm sohasini rivojlantirish yo‘nalishidagi ishlarga e’tibor qaratar ekan, o‘tgan davrda 47 ta mamlakat fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilinib, vizasiz rejim tatbiq etiladigan mamlakatlar soni 65 taga etgani, yana 77 ta davlat fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniga ega bo‘lganiga yuqori baho berdi. 

Hisobot davrida 247 ta yangi turoperator tashkil etilib, 1,7 ming xona sig‘imiga ega 107 ta mehmonxona ishga tushirilgani, sayyohlar oqimi 31 foizga oshib, 3 million kishini tashkil etgani e’tirof qilindi.

“Obod qishloq” dastur doirasida jami 1 ming 166 milliard so‘mlik ish hajmlari bajarildi. Mazkur mablag‘lar hisobidan, 47,6 ming ta yakka tartibdagi uy-joy, 232 ta ko‘p xonadonli uy-joy ta’mirlanib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 637 km ichimlik suv tarmoqlari yaxshilandi. 2 ming 128 kilometr elektr, 215 kilometr gaz tarmoqlari yangidan qurildi, rekonstruksiya qilinib, kapital ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 53 ta ijtimoiy soha, 78 ta bozor infratuzilma ob’ektlari foydalanishga topshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing