Bor-yo‘g‘i 20 kishi bilan ish boshlagan “Milliy” telekanali 4 yoshni qarshiladi

Jamiyat

image

Bugun, 4 sentyabr kuni O‘zbekistondagi xususiy telekanallardan biri – “Milliy” telekanali faoliyat boshlaganiga 4 yil to‘ldi. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, “Milliy” telekanali Komil Allamjonovga tegishli ekani haqida gap-so‘zlar yurardi-yu ammo uning o‘zi bu haqda hech qachon aytmagandi. Bu safar u telekanal boshida bo‘lganini va u faoliyatini qanday boshlagani haqida so‘zlab berdi.

“Oh, o‘sha hayajonli damlar! Ishonasizmi, yo‘qmi, ushbu kanal ishini 20 nafarcha odam bilan boshlaganmiz. Bular – Yulduz Hoshimova, Akrom va Qahramon Mahkamovlar, Bahodir Qosimov, Baxtiyor Inog‘omov, Shuhrat Rasulov, Deyl Ahmadi, Sunnatilla Qo‘ziyev, Jasur-dangasa Shametov, Pasha Kim, Sarvar Po‘latov, Munis Toshmatova, Botir va O‘tkir Muhammadxo‘jayevlar, Hasan va Husan Salihovlar, Sevdo Niyozova, Ayub Shahobiddinov, Shuhrat Jalilov, Sergey Kim”, deydi Allamjonov kanalning ilk kunlarini eslab.

U so‘zida davom etib, telekanal “Shirchoy”, “MTV shou”, chiroyli milliy liboslarda o‘zbek ayollari roliklari, “Holva”, “Lazzat oshxonasi”, “Otalar so‘zi” kabi yuzlab loyihalarni amalga oshirganini eslab o‘tgan.

“Eng baxtli damlarim edi o‘sha paytlar! Chunki, ichimdan qaynab chiqayotgan g‘oyalarimni amalga oshirishdan meni hech kim va hech nima to‘xtatib qololmasdi. Menda o‘zbek xalqining urf-odatlari, marosim-tadbirlari, o‘zbek millatining haqiqiy qadriyatlari, turmush tarzini ko‘rsatib berish imkoni bor edi.

Bu davrda u o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Muxlisini topdi. Fayz va sifatni ushlashga harakat qildi, bachkanalikdan qochdi. Eng nufuzli 8 tonnalik osh va "O‘zbegim" kitobi loyihalarini amalga oshirib, o‘zbek oshini Ginnes rekordlari kitobiga kiritgan ham "Milliy" telekanali bo‘ldi”, deydi Komil Allamjonov.

Ta’kidlanishicha, yillar davomida qat’iy taqiqda bo‘lgan mashhurlar – Sherali Jo‘rayev, Obid Asomov, Yulduz Usmonova, Ozoda Nursaidova faoliyatini qayta tiklashi va yangi davrdagi birinchi chiqishlari ham aynan “Milliy” telekanalida bo‘lgan.

"Gapirsa, gap ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda, tug‘ilgan kun muborak! Ilohim, ko‘z tegmasin bu kanalga. Yashnayversin bu kanal! Umri va faoliyati uzun bo‘lsin! Bayram muborak, hamkasblarim!”, deya so‘zini yakunlagan Allamojonov.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 2 mingga yaqin OAV faoliyat olib boradi. So‘nggi yillarda ularning soni ortib boryapti. Ammo barcha OAV ham sifat jihatdan odamlarning talabiga javob bermayapti. “Milliy” telekanali esa ham son jihatdan, ham sifat jihatdan e’tiborga tushgan telekanalga aylandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Milliy telekanali

Baholaganlar

82

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar