Psixotrop moddalar bo‘yicha Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida” Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 avgustdagi 14/29-16-sonli topshirig‘i, shuningdek giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalashni samarali tashkil etishni ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 oktyabrdagi 878-sonli “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida” 2015 yil 12 noyabrdagi 330-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatlarga Tramadol, Nalbufin, Zopiklon, Baklosan dori vositalari kiritilganligi munosabati bilan ushbu dori vositalarini qaror chiqqunga qadar Respublikaga olib kirgan yuridik shaxslarda mavjud qoldiq miqdorlar masalasini hal qilish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga juda ko‘p murojaatlar kelib tushgan. Qaror kuchga kirgandan so‘ng 14 ta yuridik shaxslar “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va sotish” faoliyati uchun litsenziya olgan. Qolgan yuridik shaxslar esa litsenziya rasmiylashtirmagan holda qoldiqlaridagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni berish yoki yo‘q qilish uchun ruxsat so‘ragan.

Ushbu masalani hal qilish hamda kelgusida bunday holatlarni kelib chiqishini oldini olish maqsadida, mazkur loyiha bilan Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 16 iyuldagi 315-son qarori bilan tasdiqlangan Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida nizomga tegishli dori vositalarining Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga muvofiq sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot tashkilotlariga beg‘araz (to‘lovsiz) o‘tkazilishi va/yoki yo‘q qilinishini nazarda tutuvchi 4-1-band qo‘shilmoqda.

Shu bilan birga, Qaror bilan tegishli ro‘yxatlarga yangi dori vositalari kiritilishi munosabati bilan nazoratga olinishi zarur bo‘lgan majmuaviy preparatlarning suiiste’molini hamda kelgusida majmuaviy dori vositalarini nazoratdagi ro‘yxatga kiritishni yengillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi 330-son “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori bilan tasdiqlangan ilovalarning izohlariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Mazkur qaror tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga aloqador bo‘lishi bilan birga ularda yuz bergan muammoli vaziyatni hal qilishga qaratilganligi sababli loyihada uning kuchga kiritilishida uch oylik muddat belgilanmadi.

Loyiha 2019 yil 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida muhokama qilish va tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash uchun joylashtirildi.  
 
Qaror loyihasining qabul qilinishi byudjetdan qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar talab qilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Ayrim qarorlarga o'zgartirishlar kiritish

Baholaganlar

12

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar