“Uyiga o‘t qo‘yaman”. O‘qituvchilarning kaltaklashga haqqi bormi?
Jamiyat
−
30 noyabr 2023
8721Bolangizning o‘qituvchisiga “eti sizniki, suyagi bizniki” deganmisiz? Ushbu ibora bugungi kunga qanchalik to‘g‘ri kelyapti? So‘nggi vaqtlarda o‘qituvchi bolalarni urgani aks etgan videolar ko‘p tarqalyapti. Ota-onalar esa o‘qituvchi ustidan shikoyat qilish uchun darrov "tegishli joylarga" yugurib boryapti. Xo‘sh, o‘zi bolani urib tarbiyalasa bo‘ladimi? O‘qituvchi bunga qanchalik haqli? QALAMPIR.UZ shunday savollar bilan odamlarga yuzlandi.
Respondentlarning ko‘pchiligi o‘qituvchining o‘quvchini urishga huquqi yo‘q va har qanday bolani yaxshi gap bilan tarbiyalasa bo‘ladi, deb hisoblaydi.
“Bolani hatto bog‘chada ham urish mumkin emas. Agar mening bolamni ursa, uyiga o‘t qo‘yaman”, deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.
Boshqa bir respondent esa bolalarni urishga o‘qituvchining qonunan haqqi yo‘qligini, agar xulqi yomon bo‘lsa, ota-onasini chaqirtirish, IIB xodimi bilan tushuntirish ishlarini olib borishi kerakligini, bolaning tarbiyasiga ota-ona mas’ulligini eslatib o‘tdi.
“Ursang eti qotadi, gapirsang beti... Shuning uchun bolani har doim yaxshi gap bilan tarbiyalash kerak”, deb fikr bildirdi boshqa bir ishtirokchi.
Yana bir respondent hamma narsa o‘qituvchining pedagogik mahoratiga bog‘liq ekanini aytib o‘tdi. Hamma o‘qituvchi ham aql bilan ish ko‘rmagani bois shunday ko‘ngilsiz holatlar yuz berayotganini bildirdi.
“Itni tarbiyalasa bo‘ladi-ku, odamni tarbiyalab bo‘lmaydimi? Sirklarda hayvonlarni o‘rgatishyapti. O‘qituvchining o‘zi aqlliroq bo‘lishi kerak-da. To‘g‘ri, ota-ona ham katta "ro‘l" o‘ynaydi. Ba’zida bolaning o‘zi noto‘g‘ri ish qilib qo‘yib, o‘qituvchini ayblashi mumkin. Hamma gap tadbir-da!”, deydi u.
Shuningdek, so‘rovnomada ishtirok etgan fuqarolar orasida kerak bo‘lganda bolalarni ursa bo‘ladi, deb hisoblaydiganlar ham bor. Ularning fikriga ko‘ra, bu kelajakda bolaning adashmasligiga yordam beradi va tarbiyasi buzilib ketishining oldini oladi.
“Meni ham maktabda urishgan. Lekin dori bo‘lishi uchun. U urgani kaltak emas, malham bo‘lar ekan”, deydi respondentlardan biri maktab davrida o‘qituvchilaridan kaltak yegani va o‘shanda bekorga xafa bo‘lganligini aytib.
Aholi orasida bolalarni urib turish kerak, deb hisoblaydiganlar ham yo‘q emas.
“Ba’zan urish kerak. Lekin ayovsiz emas. Urishning ham har xili bor. Tarbiya uchun urish kerak. Onangiz sizni koyisa, ursa hafa bo‘lmaysiz-ku! Shunaqa mehr bilan urish kerak, shafqatsizlarchamas”, deydi u.
Bundan tashqari, “Sizni ham o‘qituvchingiz, urganmi?”, degan savolga qariyb 75 foiz respondent “yo‘q” deb, 18,7 foizi esa “ha” deb javob berdi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, deyarli barcha ishtirokchilar bolani urish kelajakda uning psixologik holatiga ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.
“Bolalar bir marta yomon ko‘rib qolsa, keyin odamlarni hech qachon yaxshi ko‘rmaydi. Shuning uchun kattalar baribir sal sabrliroq bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman”, deydi respondentlardan biri bolani urib tarbiyalashning oqibati yaxshi emasligi haqida gapirar ekan.
Yana bir ishtirokchining fikricha, bunday holatda bolada kattalarga nisbatan qo‘rquv paydo bo‘ladi va uning jamiyatga moslashishi qiyin kechadi.
Siz-chi? O‘qituvchingizdan kaltak yeganmisiz? Bolalarning o‘qituvchi tomonidan urib tarbiyalanishiga qanday qaraysiz? Fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring. QALAMPIR.UZ'ni kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi