Bolaligini yo‘qotgan norasidalar (fotoreportaj)
Olam
−
26 fevral 2022
9400Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida 198 nafar fuqaro, shu jumladan, 3 nafar bola halok bo‘lgan. Hujumlar oqibatida 1 115 kishi esa tan jarohati olgan, shundan 33 nafari bolalar.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi matbuot kotibi Shabia Mantuning ma’lum qilishicha, Ukrainaga bosqin ortidan bir kechada 100 mingdan ortiq tinch aholi o‘z uylarini tashlab, qochqinga aylangan. Shuningdek, ukrainaliklarning katta qismi oilasi bilan jon saqlash uchun metroga yashiringan va hamon yer ostida qolmoqda.
Ayniqsa, o‘tgan tun ukrainaliklar uchun juda og‘ir kelgan. Aholi Kiyevda tartibsiz otishma va portlashlar haqida xabar bermoqda.
Bugun, 26 fevralga o‘tar kechasi esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy keyingi soatlar ukrainaliklar uchun juda og‘ir bo‘lishini aytgan.
“Ochig‘ini aytishim kerak, bu kecha kunduzdan ham qiyinroq bo‘ladi. Mamlakatimizning ko‘plab shaharlari xavf ostida. Kiyevga alohida e’tibor beriladi. Poytaxtni yo‘qotib bo‘lmaydi”, degan Prezident o‘z murojaatida.
Bir necha soat o‘tgach, Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa mamlakati muzokaralar uchun ochiq ekanini ma’lum qilgan.
“Biz muzokaralar uchun ochiqmiz”, degan Kislitsa Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzega javoban.
Shu bilan birga, Kislitsa Ukraina taslim bo‘lmasligini va o‘z pozitsiyalarini himoya qilishda davom etishini qo‘shimcha qilgan.
LiveBarchasi