Bolalar bog‘chalaridagi pedagoglar maoshi va ish vaqti qancha? 

Jamiyat

image

Mamlakatda bolalar va ularga biriktirilgan bog‘chalar qamrovi masalasida muammo hali ham dolzarb. Shuningdek, bog‘cha va maktablardagi kadrlar masalasi ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. 

Pedagog kadrlar uchun mehnatga haq to‘lash va ish vaqti masalalarida doimo huquq sohasi vakillariga savollar bilan yuzlanishadi. Keling, shu haqda qisqacha bayon qilsak.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 yanvardagi 10-son qaroriga binoan “Davlat maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida” Nizom tasdiqlangan. Ushbu Nizomda maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog xodimlari haq to‘lash va ish vaqtlari belgilangan.

Pedagog uchun maosh 

Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog xodimlari mehnatiga haq to‘lash xodimning lavozimiga, malaka toifasiga va davlat maktabgacha ta’lim muassasasining turiga bog‘liq ravishda tabaqalashtirilgan.

Davlat maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari uchun quyidagi malaka toifalari belgilanadi:

•    o‘rta maxsus, kasb-hunar (pedagogik yoki bajarilayotgan lavozim vazifalariga muvofiq bo‘lgan) ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassis;
•    bakalavr darajasiga yoki oliy ma’lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassis;
•    bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy ma’lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan ikkinchi toifali mutaxassis;
•    bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy ma’lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan birinchi toifali mutaxassis;
•    bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy ma’lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan oliy toifali mutaxassis.   

Maoshga qo‘shimchalar va ustamalar

O‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajargan, tashabbuskor va yuqori malakali xodimlarini moddiy rag‘batlantiriladi. Bu byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 

Shuningdek, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar, pedagog va tibbiyot xodimlarining lavozim maoshlari va bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz miqdorida, tarbiyachi yordamchilariga esa 50 foiz miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi.

Rayon koeffitsiyentlari va ustamalar joriy qilingan joylardagi bolalar bog‘chalarida ishlovchi xodimlarga qo‘shimcha to‘lovlar, shuningdek, faxriy unvon, ilmiy darajalar uchun ustamalar to‘lanadi. 

Ish vaqti

Pedagog xodimlar uchun haftalik ish yuklamasining quyidagi miqdorlari belgilanadi:
•    til bo‘yicha o‘qituvchi — 18 soat;
•    o‘qituvchi-logoped, o‘qituvchi-defektolog — 24 soat;
•    jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi, tarbiyachi-metodisti — 25 soat;
•    tarbiyachi, tarbiyachi-metodist — 36 soat;
•    aqliy rivojlanishda kamchiligi bo‘lgan o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar hamda markaziy asab tizimi ruhiyati buzilgan holda shikastlangan bolalar uchun maktabgacha ta’lim muassasasi yordamchi tarbiyachisi — 36 soat.

Davlat maktabgacha ta’lim muassasasida pedagog xodimlarning haftalik ish yuklamasi ishning ushbu turi bo‘yicha ish vaqti normal davom etishining 1,5 baravaridan ortiq bo‘lmasligi lozim.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1505

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing