Bolsheviklarning Buxorodagi “Kichik qiyomat”ida amirlik xazinasi qanday talangan?

Foydali

image

“Sharqing butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qo‘liga o‘tdi”.

Abdurauf Fitrat

Tarixdan ma’lumki, urushlarning asl sababi boylik orttirish hisoblanadi. Qaysi mamlakatning xazinasi ko‘p bo‘lsa, bu boylikning ortidan keladigan balo ham katta bo‘lgan. Zero, oltin ko‘zini ko‘r qilgan dushmanning nafsini hakalak ottirib, bosqinchilik urushi boshlashga undagan. Bugungi maqolamizda aynan Bolsheviklar tomonidan Buxoro amirligidan Rossiyaga olib ketilgan million-million so‘mlik qimmatbaho boyliklar haqida so‘z yuritamiz.

Bo‘lib tashla, hukmronlik qil

Rossiya imperiyasi 1865 yil Toshkentni bosib olgach, podshoh hukumati xonliklarni birin-ketin egallash rejasini tuza boshladi. O‘lkani bosib olish uchun barcha xarbiy harakatlar aynan Toshkentdan turib tashkil etildi va boshqarildi. O‘rta Osiyo yerlarini egallab olish maqsadida podshoh hukumati xonliklar o‘zaro birlashmasligi uchun imperialistlarning azaliy “Bo‘lib tashla, hukmronlik qil” tamoyiliga amal qilib, ularni bir-biriga qarshi gij-gijlay boshladi. 

Buxoro amirligining Rossiya tomonidan bosib olinishi

1868 yil 1 may kuni zamonaviy qurollangan podshoh armiyasi, Cho‘ponota tepaligida pilta miltiq va qilich bilan qurollangan amir qo‘shinini taslim etadi. 23 iyun kuni amir Muzaffar mag‘lub bo‘lganini tan olib, bosqinchi general Fon Kaufman bilan tinchlik shartnomasini imzolashga majbur bo‘ladi. Shu tariqa Buxoro amirligi Rossiya imperiyasiga bo‘ysundirildi.

Shartnomaga ko‘ra Buxoro amiri tashqi siyosatda Rossiya imperiyasiga mutlaqo qaram vassal bo‘lib qoldi. Amir urush boshlanishida o‘zi aybdor ekanligini tan olib, abadiy do‘stlik belgisi sifatida Rossiya qo‘shinlarining harbiy xarajatlari uchun 500 ming rubl beradi. Lekin amir tashqi mustaqilligidan mahrum qilingan bo‘lsa-da, o‘z fuqarolari ustidan cheklanmagan hokimiyatni saqlab qolgan edi.

Yosh buxoroliklar

XX asr boshlarida amirlik ijtimoiy hayotida bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki siyosiy kuch paydo bo‘ldi. Birinchisi, Buxoro amirligining siyosiy hayotini demokratik asosda qayta qurish, mamlakat iqtisodini rivojlantirish va Buxoroni ilg‘or davlatlar qatoriga ko‘tarilishi uchun astoydil kurashuvchi Yosh buxoroliklar harakati. Ikkinchisi, har qanday yangilik va islohotlarning dushmani bo‘lgan amir hukumati hamda diniy mutaassiblar edi.

Yosh buxoroliklar o‘z faoliyatlarini 1910 yildan boshlashgan bo‘lib, bu siyosiy harakatning tashkil etilishida yosh turklarning “Ittihodi va taraqqiy” partiyasi katta ta’sir ko‘rsatgan edi. Abduvohid Burhonov, Usmon Xo‘ja, Muso Saidjonov, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev va Sadriddin Ayniy kabi ko‘plab ziyolilar yosh buxoroliklarning yetuk namoyondalari bo‘lishgan.

Yosh buxoroliklar mamlakatda quyidagi ishlarni amalga oshirishni ko‘zlashgan edi:

•    amirlikdagi yer-suv masalasiga katta e’tibor berish; 

•    milliy armiyani shakllantirish uchun harbiy maktablar ochish;

•    moliya masalasida kirim chiqimlarni hisoblash;

•    ma’orif sohasida amirlik xazinasi hisobidan maktablar va oliy o‘quv yurtlari ochish. Va eng asosiysi, yakka hokimlik (monarxiyani) Yevropacha konstitutsion monarxiyaga almashtirish.

1910 yil 10 dekabr kuni amir Abdullahad vafot etgach, taxtni uning o‘g‘li Said Olimxon egalladi. Amir Olimxon hali siyosiy kuchga ega bo‘lmagani uchun yosh buxoroliklarga yon berishga majbur bo‘ladi va islohot o‘tkazish uchun va’dalar beradi. Ammo 1917 yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan fevral inqilobidan so‘ng, podshoh hukumatining ag‘darilishi amirlikdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni keskinlashtirib yuboradi. Yosh buxoroliklar Rossiyadagi tartibsizliklardan foydalanib, amirni tezroq islohot o‘tkazishga undaydilar.

1917 yilgi Farmon

1917 yil 7 aprel kuni amir Olimxon mamlakatda islohot o‘tkazish to‘g‘risida farmon beradi. Ushbu qaror amir saroyida 200 ga yaqin amaldorlar va diniy ulamolar oldida o‘qib eshittiriladi.

Farmonda, amirlikda soliq ishlarini tartibga solish, sanoat va savdoni rivojlantirishga, amaldorlarni nazorat ostiga olish va ularga aniq miqdorda maosh tayinlanishiga, nochor fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilish uchun maxsus komissiya tuzishga, bosma matbuotga asos solishga, qamoqxonadagi erkin fikrlilarning barchasini ozod etishga, ma’orif va fan-texnikani rivojlantirish hamda dunyoviy fanlarni o‘qitishga va’dalar beriladi.

Lekin bu qarorni din peshvolari shariat qonunlarining buzilishi deb qabul qiladilar. Shundan so‘ng, yosh buxoroliklar harakatida bo‘linish yuz beradi. Mahmudxo‘ja Behbudiy va Mirzo G‘ulom amirning bu islohotlarini qo‘llab-quvvatladilar. Ammo Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat amirdan yanada chuqurroq islohot o‘tkazishni talab qildilar.

Farmonning bekor qilinishi

1917 yil 8 aprel kuni Fayzulla Xo‘jayev va Abdurauf Fitrat boshchiligida Buxoro shahrida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tadi va unda 5-7 ming kishi qatnashadi. Namoyishchilar o‘zbek va rus tillarida “Yashasin ozodlik, konstitutsiya, matbuot erkinligi va mamlakat mustaqilligi” deb yozilgan yorliqlar ko‘tarib chiqadi. Bundan g‘azablangan amir 200 ta piyoda va 300 ta otliq askarni namoyishni bostirish uchun yuboradi. Shundan so‘ng, Buxoro ko‘chalarida katta to‘s-to‘polon va tartibsizliklar boshlanib ketadi. Yosh buxoroliklar harakatining ko‘plab a’zolari qo‘lga olinib, zindonga tashlanadi. Diniy ulamolar esa amirdan qo‘lga olinganlarni o‘limga hukm qilishni talab qildilar. 1917 yil 14 aprel kuni amir Olimxon islohotlar haqidagi farmonini bekor qiladi.

Fayzulla Xo‘jayev

Ta’qibga uchragan yosh buxoroliklar harakatining namoyondasi Fayzulla Xo‘jayev Toshkentga boradi. U yerda Bolsheviklar partiyasining a’zosi Utkin va Poltoratskiylar bilan muloqot qilib, Leninning g‘oyasi haqida xabar topadi. Shundan so‘ng, Fayzulla Xo‘jayev 1918 yilning yozida Toshkentdan Moskvaga yo‘l oladi. Moskvada u Bolsheviklar partiyasining bir qator a’zolari bilan uchrashib suhbatlashadi. Bolsheviklarning yolg‘on g‘oyalariga ishongan Fayzulla Xo‘jayev amir hokimiyatini Bolsheviklar yordamida ag‘darib, Buxoro Xalq Respublikasini tuzishni maqsad qiladi. 
Bolsheviklar O‘rta Osiyo xonliklarining xazinasi haqidagi mish-mishlarni eshitishgan edi. Bu boylikni qo‘lga kiritish uchun Fayzulla Xo‘jayevga harbiy yordam berish orqali, xufiyona rejalar tuzishadi.

Buxoro amirligining qulashi

Buxoro amirligiga to‘satdan shiddatli hujum uyushtirib, uni bosib olish rejasini Bolsheviklarning ishongan generali Mixail Frunze tuzib chiqadi. Rejaga ko‘ra, qizil armiya Buxoro amirligiga besh tomondan hujum qilib, shaharni o‘rab olishlari kerak edi. Bolsheviklar Buxoro amirligini bosib olish uchun 10 ming zamonaviy qurollangan askar, 74 ta zambarak va 12 ta bombardimonchi samolyot yuborishadi. Sovetlar tez orada Chorjo‘y, Karmana, Kitob va Shahrisabz shaharlarini egallab olishgach, Buxoro shahri qursho‘vda qoladi. Buxoro shahrini o‘rab olgan rus qo‘shini zambaraklardan tinimsiz o‘q uzib, shaharni vayron qiladi. Ko‘chalar jasadlarga to‘lib ketadi. Xususan, amir Olimxon o‘zining “Buxoro xalqining hasrati tarixi” kitobida shunday yozadi.

“Bu urush asnosida dushman taxminan Buxoroning yarmini to‘p va pulemyotchilardan o‘qqa tutib, ko‘p falokat yetkazdi. Musulmon bechoralar dushman dastidan mol-dunyosini, farzandlarini tashlagancha nima qilarini bilmay, har tomonga qocha boshladilar. Shunga qaramay, bu bandayi ojiz to‘rt kecha-yu, to‘rt kunduz dushmanga qarshi urushdim, qattiq jang qildim. To‘p o‘qlarining ko‘pligi, bomba yog‘dirish natijasida Buxoro shahrida talafot va xarobaliklar ko‘payib ketdi”.

Voqealar guvohi bo‘lgan tarixchi Muhammad Ali Baljuvoniy o‘zining “Tarixi nafoe” asarida shunday yozadi.

“Qamal vaqtida 3000 ga yaqin hovli, 3000 dan ortiq do‘kon, 20 ta saroy, 29 masjid, 34 gumbaz yonib xarob bo‘lgan. Shahar qariyb 20 kun olov kabi yonib turgan. Buxoroning shu darajada xarob bo‘lganini hech bir tarix ko‘rmagan edi. Buxoroliklar bu kunlarni (kichik qiyomat) deb aytishdi”.

Amir Said Olimxon iloji boricha tarixiy obidalarni, muqaddas joylarni saqlab qolish va katta vayronagarchiliklarning oldini olish maqsadida Frunze huzuriga qushbegi Nasrullobiyni elchi qilib yuboradi. Amir Olimxon Frunzedan shaharni bombardimon qilmaslikni va xalqqa shafqat etishini so‘raydi. Frunze esa bunga javoban amir butun xazinani topshirib, shahardan chiqib ketishi lozimligini aytadi. Shunda ilojsiz qolgan amir juda katta bo‘lgan xazina ro‘yxatini Frunzega topshirib, Afg‘onistonga ketadi.

Buxoro xazinasi

1920 yil 2 sentyabr kuni shahar darvozalari ochilgach, qizil armiya Buxoro poytaxtiga bostirib kiradi. Leninning buyrug‘i bilan xalq va amirlik xazinasi talanib, Rossiyaga olib ketiladi. 

Buxoro amirligining oltin zaxirasi haqida har xil ma’lumotlar uchraydi. Xususan, 1914 yilda nashr etilgan “Oyina” jurnalida amirlik xazinasi haqida quyidagicha ma’lumot beriladi.

“Buxoro amirining tasarrufi ostida bo‘lgan xazinasida oltin va kumush shu darajada mo‘l bo‘lganki, hech bir davlat xazinasi bu darajada bo‘lmasa kerak. Amir xazinasiga tegishli oltin, kumush va boshqa zebu ziynatlarning ro‘yxati yozilgan daftarlarning taxlami bir yarim olchin (1 olchin 70 sm) bo‘lgan. Saqlanayotgan oltin va kumush pullarning bo‘yi 50 olchin, eni esa 20 olchin keladigan bir tog‘dan iborat edi. Bundan tashqari yana bir yerto‘lada xazina bo‘lib, u yer rus va boshqa bir qancha davlatlarning oltin pullari bilan to‘ldirilgan edi”.

1917 yil amir Olimxon qushbegi Nasrullobiyga amirlik xazinasini ro‘yxatga olishni buyuradi. Ro‘yxatga ko‘ra, amir xazinasi quyidagicha bo‘lgan.

“Buxoro tillasi – 1.148.380 dona, rus tillasi – 4.365.100 don, yombi holidagi Gamburg tillasi – 1.108 pud (17 tonna-yu 728 kg), yombi holidagi Gamburg kumushi – 2.844 pud (45 tonna-yu 404 kg), rus kumush tangalari – 1.385 pud (22 tonna-yu 160 kg), Buxoro tangasi – 62.834.780 dona, Buxoro mis tangasi – 731 pud (5 tonna-yu 696 kg), tilla kukuni – 16 pud (1 tonna-yu 56 kg), rus banki kumushi – 864 pud (13 tonna-yu 724 kg).  Yana jami 34 nomdagi qimmatbaho osori-atiqa ro‘yxat qilindi”

“Shaxsan amir va uning oila a’zolariga tegishli bo‘lgan boyliklar ro‘yxati. Yirik brilliantlar – 3.482 karat, shuningdek buyumlarga tikilgan brilliantlar – 968 karat, buyumlarga tikilgan qimmatbaho toshlar – 8.617 karat va hokazolar mulk sifatida qayd etildi”.

Bundan tashqari, amirga yaqin bo‘lgan insonlarning boyliklari ham xazinaga daxldor deb hisoblangan. Xususan, amirlik bosh qozikalonining boyligi quyidagicha miqdorda bo‘lgan.

Yombi holidagi Gamburg tillasi – 38 pud (608 kg), tilla buyumlar – 85 pud (1 tonna-yu 360 kg), kumush buyumlar – 90 pud (1 tonna-yu 440 kg), birilliantlar – 920 karat, qimmatli toshlar – 14 pud, rus tilla tangalari – 965000 so‘m, chet el tilla tangalari – 4468 dona, Buxoro tillalari – 289014 to‘plam, Buxoro tangalari 7 million 149156 to‘plam va rus banki kumushi – 128987 so‘m.

Mana shunday katta miqdordagi oltin va qimmatbaho boyliklar “albatta, bu xazinalarning barchasi xalqqa teng miqdorda taqsimlab beriladi” degan bahonalar bilan Rossiyaga olib ketiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

421

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing