“Bochka” dam olish maskanidan 450 ming dollarga noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
03 iyul 2021
8258Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Bochka” dam olish maskanidan 80 sotix yerni 450 ming dollarga noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi IIVga N.M. ariza bilan murojaat qilgan. N.M. unda “Sanjar” ismli shaxs yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Chorbog‘ qo‘rg‘oni “Bochka” hududidan dam olish maskani qurish uchun mo‘ljallangan 80 sotix bo‘sh yer maydonini kadastr hujjatlarini tayyorlab, 450 ming AQSH dollariga sotishini, bo‘nak sifatida 20 ming AQSH dollarini berishini talab qilayotganini aytgan. Murojaatchi unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sh.S. Bo‘stonliq tumani Ugam olma bog‘i ko‘chasi 82-uyda joylashgan dala hovlida ariza muallifidan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan, shu kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Bo‘stonliq tumani bo‘limi tomonidan fuqaro Sh.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 224-moddasi tartibida ushlangan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi