Boburtepa yodgorligida noyob devoriy surat topildi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Boburtepa arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari va noyob devoriy surat namunasi topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadqiqotlar davomida inshoot xonalaridan birining g‘arbiy devorida gil suvoq ustiga ishlangan lola va oq gullar tasviri aniqlangan. Gullar qizil rangdagi ingichka to‘lqinsimon chiziqlar bilan uyg‘unlashtirilgan. Keyinchalik devoriy surat oq ohakli suvoq qatlami bilan qoplangan.

Qayd etilishicha, binoning mahobatli va qalin devorlari, shuningdek, undagi bezaklar inshoot milodiy IV–V asrlarda ibodatxona sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, kelgusidagi qazishma va tadqiqotlar inshootning asl vazifasi, me’moriy tuzilishi hamda tarixiy ahamiyatini yanada aniqlashga yordam beradi.

Agentlikka ko‘ra, arxeologik tadqiqotlar Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abduraximov tomonidan olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan Mingtepa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan qazishmalar davomida milodiy VIII asrga oid ehtimoliy hukmdorlar saroyining me’moriy qoldiqlari aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar