Bobur masjidi ibodatxonaga aylantirildi
Tahlil
−
23 yanvar 2024 11752 4 daqiqa
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘z manfaati yo‘lida Bobur masjidini ibodatxonaga aylantirdi. U ushbu ishni 2014 yildagi saylovoldi va’dalarining ijrosi o‘laroq amalga oshirdi.
22 yanvar kuni hinduizm tangrisi tug‘ilgan deb ishoniladigan Ayodha shahridagi ibodatxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Bosh vazir Narendra Modi boshchiligida 7 mingga yaqin mehmon ishtirok etdi. Qatnashchilar orasida Bollivud yulduzi Amitabh Bachchan ham bor. Ularning ba’zilari tadbirda ishtirok etish uchun 700 kilometr yo‘l bosib o‘tgan.
Bobur masjidi — Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi Ayodha shahrida 1528–29 (hijriy 935) yillarda Boburiylar imperiyasi asoschisi Bobur Mirzo sharafiga sarkarda Mir Boqiy tomonidan qurilgan. U Hindiston shimolidagi eng muhim masjidlardan biri hisoblangan. Shu sababli mahalliy musulmonlar va hindular orasida asrlar davomida ziddiyat yuzaga kelgan. 1853 yilda hindular Bobur masjidi Ram ilohining tug‘ilgan muqaddas joyida qurilgan, deb da’vo qilgan.
Hindularning fikriga ko‘ra, Boburiylar qo‘mondoni Mir Boqiy bu yerda ilgari mavjud bo‘lgan Ram ibodatxonasini vayron qilgan. Biroq bu ibodatxonaning mavjudligi bahsli masala bo‘lib qolmoqda.
1859 yil masjid o‘rtasidan devor o‘rnatildi va Britaniya binoni hindular va musulmonlar uchun ikkita alohida bo‘limga ajratib berdi. Musulmonlarning ichkarida, hindularning esa tashqi hovlida ibodat qilishiga ruxsat berildi. Bu majmuaning ichki qismi to‘liq namozxona vazifasini bajarardi. 1949 yilda esa Ram va Sita butlari masjid ichiga joylashtirildi.
1992 yil 6 dekabrda hind millatchilarining radikal guruhlari masjidni buzib tashladi. Oqibatda Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Buyuk Britaniyada tartibsizliklar yuzaga keldi. Xususan, uning ortidan musulmonlarga qarshi qonli hujumlar sodir bo‘ldi. To‘qnashuvlar Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismida tarqalib, Mumbayni ham qamrab oldi. Ommaviy to‘qnashuvlar oqibatida 2-3 ming kishi, asosan musulmonlar vafot etgan. O‘n minglab musulmonlar uylarini yo‘qotgan, minglab odamlar Pokistonga ko‘chib o‘tgan. Masjidni vayron qilganlarning ba’zilari hibsga olingan, ammo ularning hech biri sudlanmagan va tez orada qo‘yib yuborilgan.
2010 yil sentyabrida Ollohobod Oliy sudi masjid Ramning tug‘ilgan joyi deb hisoblangan joyda qurilgani haqidagi da’voni qanoatlantirdi va Ram ibodatxonasi qurilishi uchun markaziy gumbaz joyini tayinladi.
Musulmonlarga masjid qurilishi uchun joyning uchdan bir qismi ham berildi. Keyinchalik bu qaror ustidan hind radikallari Hindiston Oliy sudiga shikoyat qildi. Shundan so‘ng, beshta sudya 2019 yilning avgustidan oktyabrigacha bo‘lgan muddatda bu da’voni ko‘rib chiqdi. 2019 yil 9 noyabrga kelib, Oliy sud quyi sudning hukmini bekor qildi va butun maydonni (1,1 gektar) hindlar ibodatxonasini qurish uchun trestga topshirishni buyurdi. Ma’badning qurilishi taxminan 30 milliard rupiy ya’ni 361 million dollarga tushdi. Shunday qilib, Bobur masjidi to‘liq hinduistlarning ibodatxonasiga aylantirildi. Bu esa hind musulmonlari orasida jiddiy norozilik va e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, Hindiston Milliy Kongressi ham partiyasidagi Modining siyosiy raqiblari ushbu marosimni boykot qilishini e’lon qildi. Ularning fikricha, Bosh vazir dindan o‘z maqsadlari uchun foydalanmoqda. Ma’badning ochilishi uchinchi muddatga qayta saylanishi kutilayotgan Narendra Modi saylovoldi kampaniyasining muhim qismi ekanligi ta’kidlangan. Vazirning o‘zi esa ochilish marosimidan oldin 11 kun davomida ro‘za tutgan.
Tanqidchilar hukumatni mamlakatdagi diniy bayramlarni nishonlash borasida haddidan oshganlikda ayblamoqda. Konstitutsiyaga ko‘ra, Hindiston dunyoviy davlat hisoblanadi.
Modining boshqa din vakillariga nisbatan qattiq siyosati bir necha bor jiddiy keskinlashuvlarga olib kelgan. Bosh vazir va uning partiyasi aholining 80 foizini tashkil qiladigan hinduistlarga tayanadi. Ammo ozchilik qatlamni, ya’ni aholining 13 foizini tashkil qiluvchi musulmonlar mamlakatning strategik muhim mintaqalarida yashaydi. Misol uchun, musulmonlar ko‘p bo‘lgan Shimoliy Kashmir Pokiston bilan bahsli hudud bo‘lib, Hindiston Britaniyadan mustaqil bo‘lganidan beri tinchimagan.
Hind-musulmonlarning har qanday keskinlashuvi muqarrar ravishda Kashmirdagi urushning kuchayishiga va yangi Hind-Pokiston urushining boshlanishiga olib kelishi mumkin.
Mamlakatda dinlar o‘rtasidagi ziddiyat bir necha yillardan buyon davom etib kelmoqda. Hatto boshqa din vakillariga qarshi namoyishlar ham bo‘lib o‘tgan. Ularda yuzlab odamlar yaralangan, yana qancha inson qurbon bo‘lgan. Modining humronligidagi partiya esa ushbu keskin vaziyatga qaramay, ko‘pchilik fuqarolarning qo‘llab-quvvatlashiga erishish orqali saylovda g‘alaba qozonmoqchi. Hindiston Bosh vazirining raqiblari uni dinlar o‘rtasidagi ixtiloflardan o‘z manfaati yo‘lida, siyosat olamidagi o‘rnini mustahkamlab olish uchun foydalanayotganlikda ayblayapti. Bu esa insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr