BMT O‘zbekistondagi mulk huquqi va “snos”lar bo‘yicha xavotir bildirdi

Jamiyat

image

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda uy-joylarni noqonuniy buzish, majburiy ko‘chirish, uy-joy mulkdorlarining roziligisiz olib qo‘yish bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishi holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda joriy yilning 22-23 fevral kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitaning 71-sessiyasida O‘zbekiston bo‘yicha hisobotda aytib o‘tilgan. 

Qayd etilishicha, sessiyada huquq himoyachilari O‘zbekistonda uy-joy huquqining buzilishi bo‘yicha o‘zlarining muqobil hisobotlarini taqdim etgan. 

Huquq himoyachilarining Adliya vazirligiga tayanib keltirishicha, 2016-2020 yillarda uy-joylarni 846 ta holatda ogohlantirishsiz, 1388 ta holatda ogohlantirish shartlariga rioya qilmasdan, 1244 ta holatda oldindan baholamay, 430 ta holatda tovon puli to‘lamagan holda buzish holatlari sodir etilgan. 

2016-2019 yillarda 6 ming 479 ta xususiy mulk ob’ekti davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yo‘q qilingan, to‘lanmagan tovon puli esa 335,6 milliard so‘mga yetgan. 

"Ko‘chirish bo‘yicha qarorlar shahar yoki tuman hokimlari tomonidan asosan turli tijorat loyihalari, ko‘p qavatli uylar, mehmonxona, savdo va ko‘ngiolochar markazlar, tadbirkorlik sub’ektlari qurish maqsadida qabul qilinmoqda. Hokimlar bunday qarorlarni aholi yoki ob’ekt egalarining roziligisiz qabul qiladilar. Odamlar o‘zlarining hayotiy afzalliklariga (ish, maktab, qarindosh-urug‘larga yaqinlik, ekologik zona va h.k.) ko‘ra tanlagan uylarini tark etishlariga to‘g‘ri kelmoqda”, deyiladi hisobotda. 

Shuningdek, hisobotda madaniy merosning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bir qancha holatlar ham keltirilgan. Jumladan:

•  2007 yil 2 avgustda Toshkent shahrining sobiq hokimi Abduqahhor To‘xtayev 300 ga yaqin ob’ektni madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarib tashladi. XIX va XX asr boshlarida qurilgan bir qator bino va inshootlar, shuningdek, bog‘lar, xiyobonlar va hatto Toshkent botanika bog‘i ham o‘zining konservativ holatini yo‘qotdi. Ba’zi binolar buzib tashlangan, ko‘plab yer maydonlari va bog‘lardagi daraxtlar kesilgan, ko‘llar quritilgan, bo‘sh qolgan hududda savdo ob’ektlari qurilmoqda;

•  2017 yilning iyul oyida Toshkent hokimiyati hech qanday tushuntirishlarsiz 1915 yilda qurilgan Energetika va avtomatlashtirish institutini buzib tashladi. Buzilganidan keyin bu joy uch yil bo‘sh turdi;

•  2019 yilning noyabr oyida Toshkent shahar hokimligi tomonidan Parkent 2 ko‘chasidagi Harbiy shaharcha – tarixiy uylar ansambli vayron qilingan edi.

Samarqand shahridagi Universitet xiyobonining kengayishi tarixi. Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, munitsipalitet universitet hududini kengaytirish va 15 ta xususiy uyni buzishni rejalashtirgan. To‘rtta uy buzilgan. Bu shaharning asosiy tarixiy qismi bo‘lib, u yerda UNESCO ruxsatisiz katta o‘zgarishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va qonunlarni qo‘llashda sudlarning passiv roli,  Shahasorzlik kodeksi talablariga rioya etilmayotganligi haqida ham to‘xtalib o‘tilgan. Ta’kidlanishicha, garchi qonun xususiy uy-joydan majburan chiqarib yuborishni taqiqlagan bo‘lsada, sudyalar qonunning ba’zi qoidalarini izohlab, majburan ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilishadi. 

“Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, Uy-joy kodeksining normalari kuzatilmaydi. Majburiy ko‘chirish va buzishlar odamlar o‘rtacha daromaddan pastroq yashaydigan hududlarga to‘g‘ri keladi. Ularda o‘z mulkiy huquqlarini himoya qilish uchun advokat yollash uchun yetarli moliyaviy resurslar, davlat va mahalliy amaldorlar orasida o‘z manfaatlarini himoya qila oladigan “hokimiyatdagi tanishlari” yo‘q”, deyiladi hisobotda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

210

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing