43 mamlakatda 49 mln odam ochlikdan o‘lish xavfi ostida – BMT
Olam
−
20 may 2022
5336Ukrainadagi urush global oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirli vaziyatni yanada kuchaytirdi. Hozirda 43 mamlakatda 49 million kishi ochlikdan o‘lish xavfi ostida. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning aprel oyida Jahon oziq-ovqat dasturi 3 million ukrainalikka yordam bergan. Bundan uch oy oldin esa Ukrainada oziq-ovqat zaxirasi ortig‘i bilan bo‘lgan.
Ayni vaqtda Ukrainadagi urush sababli 43 mamlakatda 49 million kishi ochlikdan o‘lish xavfi ostida.
Dunyoning o‘nta davlatida, jumladan Afg‘oniston, Suriya va Yaman, shuningdek, Afrikaning bir qator davlatlarida 140 millionga yaqin aholi oziq-ovqat tanqisligini boshdan kechirmoqda.
“Ushbu davlatlardan sakkiztasi Xavfsizlik Kengashining kun tartibiga kiritilgan. Shubhasiz biz “mojaro” deganda ochlikni ham ko‘z oldimizga keltiramiz. Tinchlikni saqlash yoki siyosiy missiya haqida qaror qabul qilganingizda, siz ham ochlik bilan kurashishga qaror qilasiz. Agar konsensusga erisha olmasangiz, ochlar buning badalini to‘laydi", deydi Bosh kotib.
Shuningdek, Guterrish bugun, 20 may kuni Niger, Mali, Chad va Burkina-Fasodagi ochlikka qarshi kurashish uchun Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish markaziy jamg‘armasidan 30 million dollar ajratish qarorini e’lon qilgan.
"Ammo bu okeandan bir tomchi. Yil boshidan beri biz Jamg‘armadan Saxel mintaqasi aholisi ehtiyojlari uchun 95 million dollar ajratdik", deydi u.
Bundan tashqari, Guterrish so‘nggi o‘n yilliklardagi eng kuchli qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgan Afrika shoxidagi (Afrikaning sharqiy hududi – tahr.) vaziyatdan xavotir bildirgan. Uning oqibatlari 18 million odamga ta’sir qilgan va Somalida Jahon oziq-ovqat dasturi ogohlantirganidek, millionlab odamlar ochlik yoqasida.
"Ular ochlikdan qiynalishmoqda va omon qolish uchun kurashishga majbur. Har doimgidek, birinchi navbatda ayollar va qizlar jabr ko‘radi – bu odam savdosi, majburiy nikohlar va boshqa huquqbuzarliklarning ko‘payishida namoyon bo‘ladi", deydi Bosh kotib.
To‘liq miqyosdagi ocharchilikni Efiopiya, Janubiy Sudan, Yaman va Madagaskarda yarim millionga yaqin odam boshdan kechirmoqda. Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush global ocharchilikka "xavfli yangi o‘lchov" qo‘shgan.
"Rossiyaning qo‘shni davlatga bostirib kirishi undan oziq-ovqat eksportini to‘xtatdi. Narxlarning 30 foizga oshishi dunyo aholisining eng zaif qatlamlariga ta’sir ko‘rsatdi. BMT zudlik bilan butun dunyo bo‘ylab gumanitar operatsiyalarini kuchaytirishi kerak”, deydi u.
To‘liq ocharchilikning oldini olish uchun Bosh kotib to‘rtta jabhada shoshilinch choralar ko‘rishni taklif qilgan: mojarolarga siyosiy yechim izlash, xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilish va oziq-ovqat ishlab chiqarish bilan bog‘liq ob’ektlarni himoya qilish, energetika hamda moliya sohasida muvofiqlashtirishni yaxshilash, insonparvarlik ehtiyojlarini moliyalashtirishni ta’minlash.
Eslatib o‘tamiz, Jahon oziq-ovqat dasturi rahbari Devid Bisli pandemiyadan oldin och odamlar soni 80 milliondan 135 millionga oshganini, pandemiyadan keyin bu ko‘rsatkichlar 135 milliondan 276 millionga ko‘payganini, Ukrainadagi inqiroz esa 323 million kishiga olib kelganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi