BMT “Tolibon” tinch aholini sudsiz qatl qilgani, bolalarni yollanma askarga aylantirganini e’lon qildi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bacheletning aytishicha, uning idorasiga “Tolibon” jangarilari tomonidan asosiy inson huquqlari qo‘pol ravishda buzilgani to‘g‘risida ishonchli xabarlar kelgan. Bu haqda “Interfaks” nashri yozmoqda.

“Gap tinch fuqarolar va Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlarining sobiq xodimlarini sudsiz qatl qilish, ayollarning huquqlarini cheklash, shu jumladan, erkin harakatlanish va qizlarning maktabda o‘qish huquqi haqida bormoqda. Bolalar askarlikka yollanmoqda va tinch namoyishlar bostirilmoqda”, deydi Bachelet BMT Inson huquqlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasi chog‘ida.

U alohida e’tiborni ilgari harakat vakillari ayollar va etnik hamda diniy ozchiliklarning huquqlarini hurmat qilish bo‘yicha majburiyat olganiga qaratgan. Shuningdek, Bachelet “Tolibon”ni va’dalarni bajarishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” jangarilari ularning boshqaruvi 1990-yillarga qaraganda yumshoqroq bo‘lishiga va’da bergan. Xususan, toliblar Afg‘oniston ayollarini universitetgacha o‘qish, ishlash va ko‘chada yolg‘iz yurish huquqidan mahrum qilmaslikka ham so‘z bergandi.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

181

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing