BMT: Dunyoning to‘rt mamlakati qattiq ocharchilikdan aziyat chekmoqda
Olam
−
23 iyun 2021
8757Efiopiya, Madagaskar, Janubiy Sudan va Yamanda yuz berayotgan qattiq ocharchilik dunyo bo‘ylab mazkur muammo ko‘lami oshganidan dalolat beradi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, hozirda ushbu mamlakatlarda yashaydigan 584 ming kishi ochlikdan aziyat chekmoqda. Shuningdek, 43 ta davlatda yana 41 million aholi ochlik yoqasida turibdi. Bu raqamlar ikki yil oldin 27 millionga teng edi.
Tashkilotning ta’kidlashicha, bu holat mahalliy ziddiyatlar, iqlim o‘zgarishi, shuningdek, inqiroz, valyutaning qadrsizlanishi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin ko‘tarilishi kabi iqtisodiy jarayonlar bilan bog‘liq.
Bunga misol sifatida BMT Livan, Nigeriya, Sudan, Venesuela va Zimbabve davlatlarini keltirdi. Ushbu mamlakatlarda inflyatsiya aholining ahvolini yanada og‘irlashtirgan.
Shuningdek, hisobotda keltirilishicha bu yil Jahon oziq-ovqat dasturi 139 million kishini qamrab oladigan eng yirik qo‘llab-quvvatlash operatsiyasini o‘tkazadi. Shu sababli dastur moliyalashtirishga juda muhtoj.
Avvalroq Tailand aholisi ochlik tufayli “oltin zaxiralarini” sota boshlagani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot o‘rnida, 2011 yilda Somalida 260 ming kishi ochlikdan vafot etgan.
Yulduz Abdurashidova
LiveBarchasi