Blok-postlar qaytyaptimi? Tumanlararo postlarning vazifasi nima?
Jamiyat
−
02 dekabr 2021
18681Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasiga ko‘ra tumanlarda blok-postlar o‘rnatilishi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov mazkur xabarlarga munosabat bildirib, ularni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
G‘iyosovga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirlar kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 martga qadar tasdiqlangan me’yorlarga asosan mahalliy byudjet hisobidan kamida bittadan tumanlararo patrul-post bo‘linmalari tashkil etilishi belgilangan.
“Ijtimoiy tarmoq faollaridan axborotni buzib talqin etmasliklarini va rasmiy ma’lumot olish uchun ichki ishlar organlari axborot xizmatlariga murojaat etishlarini so‘raymiz”, deydi IIV vakili.
Shohruh G‘iyosovning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, bu xabarlarni tarqatganlar farmon matnini buzib talqin qilyapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, tumanlararo patrul-post bo‘linmalari bir joyda turib nazorat olib bormaydi.
“Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha patrullashtirish uchun mahalliy byudjet hisobidan bo‘linmalar jalb qilinadi. Ular transportda yoki otda harakatlanib, "patrulirovat" qilishadi va jamoat xavfsizligini ta’minlaydi. Viloyatlarning orasi uzoq. Shuning uchun ular bir hududga biriktirmasdan faoliyatini tumanlararo amalga oshiradi", deydi G‘iyosov.
IIV vakili bunday bo‘linmalarga ehtiyoj borligi ilmiy tadqiqot orqali aniqlanganini urg‘uladi.
Avvalroq Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Jamoat xavfsizligi konsepsiyasida Yo‘l harakati qoidalarini muntazam qasddan buzuvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik kuchaytirish belgilangani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi