Bloger Dilshod O‘rozboyev “Toshturma”da saqlanyapti – IIBB
3-sahifa
−
17 mart 2023 46488 2 daqiqa
Avvalroq “Dili me” taxallusi bilan tanilgan bloger Dilshod O‘rozboyev (Nazarov)ga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik. Hozirda unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov olib borilmoqda, u hibsda saqlanmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati xodimi Nilufar Madiyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Dilshod O‘rozboyev (Nazarov)ning kuyovi (singlisining eri) ekani aytilayotgan shaxs P.A. uning ustidan Yashnobod tuman prokuraturasiga arz qilgan. Tuman prokuraturasi esa holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Prokuratura esa tergovni Ichki ishlar boshqarmasiga o‘tkazgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bloger o‘zining kuyovini kaltaklagan. Bunga kuyov P.A. blogerning singlisini urgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Nilufar Madiyevaga ko‘ra, bloger bir necha bor chaqirtirilganiga qaramay, Yashnobod tumani Ichki ishlar boshqarmasiga bormagan. Ammo Madiyeva uning qancha muddat IIBga kelmay yurgani haqidagi ma’lumotlar tergov siri ekanini, bu tergovdan so‘ng ma’lum qilinishini aytib o‘tdi.
Shuningdek, bloger Dilshod O‘rozboyev (Nazarov) hozirda “Toshturma” nomi bilan tanilgan 1-sonli Toshkent tergov hibsxonasida saqlanayotgani, tergov uchun Yashnobod tumani IIBga olib borilayotgani ma’lum qilindi.
QALAMPIR.UZ'ga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, bloger singlisini kaltaklangani haqida tergov jarayonida hech qanday axborot bermagan.
Ma’lumot uchun, “Dili me” taxallusi bilan tanilgan Dilshod O‘rozboyev (Nazarov) 1999 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan.
U Instagramʼda 3,2 million obunachiga ega. U blogerlikdan tashqari aktyorlik bilan ham shug‘ullanadi. Shuningdek, Dilshod o‘zining shaxsiy restoran biznesini ham yo‘lga qo‘ygan.
Live
Barchasi