Bloger Bobur Mansurovning qizlarni masxara qilib olgan videosi o‘chirtirildi
Madaniyat-san’at
−
13 aprel 2023
27992Bloger Bobur Mansurov tomonidan olingan nam salfetkalar reklamasi aks etgan video qonunchilikka zid deb topildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, reklamada – jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab, boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoki o‘zga shaxslarning tovarlarini badnom qilish, milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, reklama vositalari orqali joylashtirilayotgan tovar (ish, xizmat) reklamasida ma’naviyatga to‘g‘ri kelmaydigan, milliy va oilaviy an’analarga masxaraomuz, kinoyali ohangda yondashilgan iboralardan foydalanish holatlari ko‘plab kuzatilmoqda. Bunday reklamalar fuqarolar va internet foydalanuvchilarining turli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
“Shunday ekan, reklama va axborot vositalaridan foydalangan holda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Ta’kidlanishicha, qo‘mita tomonidan ushbu reklama bartaraf etilib, videorolik namoyishi to‘xtatilgan. Shuningdek, bloger Bobur Mansurov bilan o‘tkazilgan suhbat davomida, u ushbu videorolikni namoyish qilishda xotin-qizlarni kamsitish maqsadi bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, mazkur videoda qizlar nam salfetkada yuzini artishi oqibatida xunuk bo‘lib ketishi sahnalashtirilgan.
LiveBarchasi