Blinken Kuleba bilan qarshi hujum masalasini muhokama qildi
Olam
−
24 iyun 2023
8441Bugun, 24 iyun kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan Rossiyadagi vaziyat va Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumini muhokama qildi. Bu haqda Dmitriy Kulebaning Twitter'dagi sahifasida ma’lum qilindi.
“Entoni Blinken bilan bugungi telefon suhbatida biz Rossiyada sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan fikr almashdik. Biz ularni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Ukraina amerikalik hamkorlarining so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘z hududida qarshi hujum maqsadlariga erishishga e’tibor qaratmoqda”, deb yozgan Kuleba.
AQSH Davlat kotibi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. Bu suhbatning ham asosiy mavzusi Rossiyadagi voqealar bo‘lgan.
AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Britaniya, Germaniya va Fransiya yetakchilari Rishi Sunak, Olaf Shols va Emmanuel Makron bilan Rossiyadagi vaziyatni muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Blinken G7 Tashqi ishlar vazirlari va Yevropa Ittifoqi Tashqi siyosati rahbari Jozep Borrel bilan telefon orqali muloqotda Rossiyadagi vaziyatni muhokama qilgandi.
LiveBarchasi