Blinken Armaniston va Ozarbayjonni yarashtirmoqchi 

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken kecha, 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Jeyhun Bayramov bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaroning so‘nggi keskinlashuvi boshlanganidan beri tomonlar o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘ldi. Bu haqda Davlat departamenti xabar berdi. 

Vashingtong tashqi idorasi matbuot kotibi Ned Prays aytishicha, Blinken Mirzoyan va Bayramov bilan uchrashuvda mojaro chog‘ida insonlarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va bundan keyin ham harbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidlagan.

“Ular keyingi qadamlarni (mojaroning keskinlashuvi) muhokama qildi, Davlat kotibi esa tomonlarni oy oxirigacha yana bir bor uchrashishga chaqirdi”, deydi Prays.

Armaniston va Ozarbayjon sulhga tayyor

Blinken Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv oldidan bergan izohida, Vashington janglar to‘xtagani va so‘nggi bir necha kun ichida harbiy harakatlar bo‘lmaganidan mamnun ekanini ta’kidlagan.

18 sentyabr kuni Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, uni Armaniston bilan chegarada sulhga rioya qilishga, qo‘shinlarni olib chiqib ketishga va barcha kelishmovchiliklarni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga undagan.

16 sentyabrda esa Blinken Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. AQSH Davlat kotibi Pashinyan ham, Aliyev ham uni tinchlikka tayyor ekanliklariga ishontirishganini aytgan. 

“Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga harbiy yechim yo‘q. Biroq, menimcha, uzoq muddatli tinchlikka erishish yo‘li bor. Kelishmovchiliklarni diplomatiya yo‘li bilan hal qilish zarur. Qo‘shma Shtatlar bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga tayyor”, deydi Blinken.

Nensi Pelosining Armanistonga tashrifi

18 sentyabr kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Armanistonga keldi. U tashrifi chog‘ida Ozarbayjonning Armaniston bilan chegaradosh hududiga noqonuniy va halokatli hujumlarini qoralashini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Baku ushbu bayonotni Ozarbayjonga qarshi asossiz va nohaq ayblov sifatida baholab, ayblovlarni “kurakda turmaydigan”, deb atadi.

Shu kuni Yerevanda bir necha yuzlab kishi Armanistonning KXSHTdan chiqishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi. Namoyishchilarga ko‘ra, tashkilot Ozarbayjon tomonidan Armanistonga qarshi hujumlarning oldini olish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi

Bilol Norqobilov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

12

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing