Bizga aqlli “schetchik”lar emas, aqlli kadrlar kerak yoxud O‘zbekiston energetikasi qachon mustaqil bo‘ladi?
Tahlil
−
26 yanvar 2022 13625 7 daqiqa
Biz ko‘klarga ko‘targan mustaqillik elektrdan mustaqillikni ham o‘z ichiga olmaganiga achindim.
Qamariddin Shayxov
2022 yil 25 yanvar. Mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida butun O‘zbekiston zulmatga sho‘ng‘idi. Keyinroq, Qozog‘iston Respublikasi elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarida elektr energiyasi uzilib qolgani ma’lum bo‘ldi.
Qiziq, nega Qozog‘iston elektr tarmog‘idagi katta avariya sarhadlarni oshib, O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatdi? Bu holat yana takrorlanishi mumkinmi? Bugungi maqolamizda, Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika tizimi va ularning o‘zaro bog‘liqligi haqida so‘z yuritamiz.
Moskva qo‘lida bo‘lgan elektr
Ma’lumki, Markaziy Osiyo davlatlari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bir vaqtlar Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan. Ikkinchi jahon urushi davrida (1939-1945) Ukraina, Belarusdan minglab zavod va fabrikalar Markaziy Osiyo Respublikalariga ko‘chiriladi. Chunki nemislar bu yerlarni bosib olish arafasida edi. Tabiiyki, ko‘chirib kelingan zavodlar muntazam ishlashi uchun elektr toki kerak. Shundan so‘ng Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston zavod va fabrikalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun hududlarida bir nechta Gidroelektrstansiyalari qurildi.
XX asrning 50-yillaridan boshlab O‘zbekiston SSRda elektr energiyasi ta’minotini kengaytirish maqsadida bir nechta Gidroelektrstansiyalarini qurish ishlari boshlandi. Xususan, 1950-1980 yillar oralig‘ida Shahrixon GESi, ikkita Namangan GESi, ikkita Bo‘zsuv GESi, Chorvoq GESi, Xojikent GESlari qurilib, ishga tushirildi. Keyinchalik gaz bilan ishlaydigan Angren, Taxiatosh, Navoiy, Sirdaryo, 2-Angren GESlari qurib bitkazildi. 1985 yilda O‘zbekiston elektrostansiyalarining umumiy quvvati 9,9 million kilovattdan ortdi. Bu 1940 yilga nisbatan 100 baravar, 1950 yilga nisbatan 18 baravar ko‘p edi.

Respublikadagi barcha stansiyalar yagona O‘zbekiston energosistemasiga ulandi. Keyinchalik O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalarining yirik elektr stansiyalari Sovet Ittifoqning Markaziy Osiyo energetika tizimiga ulanadi.
Sovet davrida Markaziy Osiyoning birlashgan energetika tizimi (OES SA) Qozog‘istonga bog‘langan bo‘lib, bu tarmoq Rossiyaning elektr energiya sistemasiga ulangan. Ya’ni Moskva istagan vaqtda Markaziy Osiyo Respublikalarini elektr to‘kisiz qoldirishi mumkin edi.

Suv mojarosi va Karimov
Sovet Ittifoqi parchalangach, Markaziy Osiyo energetika tizimi bir xil rejimda ishlay olmadi. Mustaqil davlatlarga aylangan Markaziy Osiyo Respublikalari yagona yangi tizim joriy qilish yo‘lida birlashmadi. Chunki 1992 yildan boshlab O‘zbekiston Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida suv masalasida o‘zaro nizolar paydo bo‘ldi.
Mojaronig sababi shunda ediki, mintaqadagi suv resurslarining deyarli 85 foizi Tojikiston va Qirg‘izistonda to‘plangan. Amudaryo va Sirdaryo oqimining o‘zanida joylashgan bu davlatlar birinchi navbatda, Amudaryoning asosiy tarkibiy qismlari bo‘lgan Vaxsh, Pyanj, Zaravshon, Norin tog‘ daryolarining suvidan Gidroelektrstansiyalari uchun cheksiz foydalanishni boshladi. Chunki Tojikiston va Qirg‘iziston asosan elektr tokini sotish ortidan daromad topgan. Bu esa o‘z navbatida asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston uchun yirik muammo edi. Chunki bu davlatlar ekin yerlarini asosan Amudaryo va Sirdaryo suvi bilan sug‘organ. Suv maslasi ortidan ko‘tarilgan tortishuvlar hududiy bahslarga ham aylanib ketdi. Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston O‘zbekistondan suv uchun haq talab qila boshladi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov daryolar suvi iqtisodiy emas, tabiiy boylik ekanligini aytib, daryo suvlarini to‘smaslikka chaqirdi.

2009 yildagi blekaut
2004 yilda Turkmaniston Markaziy Osiyo energetika tizimidan chiqib ketdi. Sababi Turkmaniston hukumati 1991 yildan boshlab mamlakatda issiqlik elektr stansiyalarini qurishni yo‘lga qo‘ygan edi. Albatta, neft va gazga boy Turkmaniston issiqlik elektr stansiyalarini bemalol, o‘ynab-kulib yoqilg‘i bilan taminlay olardi. 1992 yilda issiqlik elektr stansiyasining birinchi blogi ishga tushdi. 2004 yilga kelib, ikkinchi blok ishlay boshladi. Shu yili issiqlik elektr stansiyasining quvvati 160 megavattni tashkil qildi.
2009 yilning noyabr oyida Tojikistonda joylashgan Nurek GESi agregatlarining o‘z-o‘zidan to‘xtab qolishi oqibatida Tojikiston va O‘zbekistonning janubiy aholisi bir kun davomida elektr energiyasiz qoldi. Shu o‘rinda “O‘zbekiston nega Markaziy Osiyo energetika tizimidan chiqib ketmaydi”, degan savol tug‘ilishi, tabiiy. Mustaqillik yillari O‘zbekiston moliyaviy sabablarga ko‘ra bu tizimdan chiqib keta olmagan. Sababi qo‘shimcha elektr liniyalarini qurish uchun katta sarmoya kerak. Agar yagona energetika tizimi tugatilsa, bundan Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston katta zarar ko‘rishi mumkin.

Rog‘us GES muammosi
2004 yilda Tojikiston hukumati “Rusal” kompaniyasi bilan Rog‘un GESini qurish masalasida yakuniy kelishuvga erishdi. Shu yilda boshlab Tojikiston Amudaryoning asosiy o‘zani hisoblangan Vaxsh daryosida 3600 megavatt quvvatli, balandligi 335 metr bo‘lgan, Markaziy Osiyodagi eng yirik GES qurishni boshladi. Albatta, bu GESni ishga tushirishga katta suv zaxirasi kerak edi. Vaxsh daryosida GES qurilishi o‘z-o‘zidan Amudaryo suvining kamayishiga olib kelardi. Shundoq ham orasida olamashuk o‘tgan Islom Karimov va Imomali Rahmon o‘rtasidagi ziddiyatlar ipi Rog‘un GESi ortidan yanada taranglashdi. Chunki Amudaryodan suv ichadigan O‘zbekiston dalalari va aholisi suvsiz qolishi mumkin edi. Islom Karimov GES qurilishini O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun xavfli hisoblab, unga qarshilik ko‘rsatdi. Uni xalqaro tashkilotlar ham qo‘llab-quvvatladi.
2016 yilning iyul oyida Tojikiston hukumati Italiyaning “Salini Impregilo” kompaniyasi bilan Rog‘un GESi qurilishini yakunlash bo‘yicha shartnoma imzoladi. O‘sha vaqtda O‘zbekiston Bosh vaziri bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev Tojikiston hukumatiga norozilik maktubini yo‘llagan. Biroq Mirziyoyev Prezidenti bo‘lgach, O‘zbekiston Rog‘un GESi bo‘yicha e’tiroz bildirishni to‘xtatib, bu loyihani ma’qulladi. Shundan so‘ng Tojikiston GES qurilishi uchun Samarqanddagi zavodda ishlab chiqarilgan yuk mashinalarini sotib olishni boshladi.

O‘zbekiston elektr muammosidan qachon qutuladi?
Markaziy Osiyodagi energetika tanqisligi ko‘plab yirik davlatlarning e’tiborini tortdi. Asosan Rossiya, Xitoy, Eron, Hindiston, Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslarini rivojlantirish loyihalariga qiziqish bildirdi. Biroq ular hamkorlikdan geosiyosiy manfaat ko‘zlamoqda. Xususan Rossiya O‘zbekistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishini istayotgan bo‘lsa, Xitoy yer so‘ramoqda.
O‘rta Osiyoning tog‘li hududlarida gidroenergetika salohiyati juda katta. Yevroosiyo taraqqiyot banki ekspertlarining fikricha, bu yerda o‘n yil ichida qariyb 10 gegavatt quvvatni ishga tushirish mumkin. Taxminan buning uchun 15 milliard dollarga yaqin mablag‘ kerak. Bundan tashqari, yuqori quvvatli elektr uzatish liniyalarini barpo etish va turli kuchlanishli tizimlarni ulash uchun tarmoq inshootlarini qurish xarajatlarini ham hisobga olish zarur.
O‘zbekiston elektr energiyasi masalasini hal etish uchun bir qancha loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, O‘zbekiston yaqin yillarda Atom elektrostansiyasini qurish ustida ish boshlagan edi. Lekin ma’lum sabablarga ko‘ra, bu jarayon hozircha to‘xtab turibdi.

Agar O‘zbekistonda AES ishga tushsa, mamlakat Markaziy Osiyo energetika tizimidan chiqib ketishi va odamlarni yillar davomida qiynab kelgan elektr energiya muammosini hal etishi mumkin. Biroq, tanganing boshqa tarafi ham bor: AESni kim qurishi va uning ekologiyaga keltiradigan zarari. Rossiya AES qurish borasida bir qator muvaffaqiyatsizliklarga uchragan. Shu bois O‘zbekistondagi AESni bunyod etish Rossiyaga topshirilgani jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelmoqda.
Kecha O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan voqealar uch mamlakat oldida, Toshkent manfaatlaridan qarasak, asosan va tezroq O‘zbekistonga mustaqil elektr energiyasi tarmoqlariga ega bo‘lish muhim va dolzarb vazifa bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda. Hozircha bir kunlik blekaut iqtisodiyotga qanday talafot keltirgani, o‘rta va kichik biznes bundan qancha zarar ko‘rgani ma’lum emas. Ammo yuzlab do‘konlarda mahsulotlar eskirib qoldi, korxona va tashkilotlar, ishlab chiqarish faoliyati to‘xtatildi. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari ishlamayapti. “Svet” o‘chishi ortidan ichimlik suvi, oqava va gaz muammolari paydo bo‘ldi va ular bartaraf etilganicha yo‘q. Yaxshiyamki, mamlakatning asosiy qismida havo u qadar sovuq emas va yog‘ingarchilik yo‘q. Shunga qaramay, elektrdan bu tarzda uzilish noroziliklarni kuchaytirdi. Agar O‘zbekiston elektr energiyasi mustaqilligiga erishmas ekan, investorlarni mamlakatga jalb qilish borasidagi jozibador gaplar quruq va’daligicha qolib ketaveradi. Bugungi odamlarga esa Hukumat qarori va Energetika vazirligi tashabbusi bilan kimningdir manfaatlari yo‘lida qo‘yilayotgan aqlli hisoblagichlar emas, energetika sohasidagi muammolarning hal etilishi kerak. Energetika sohasida aqlli “schetchik”lardan avval, aqlli kadrlar lavozimga kelganda edi, balki biz bu qorong‘u kunlarni yashamagan bo‘lardik.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral