Bizda bosim yo‘q – Eldor Shomurodov
Sport
−
23 iyun 4152 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati guruh bosqichi 2-tur uchrashuvi oldidan jamoa bosimni his qilmayotganini va maydonga yaxshi natija uchun chiqishini aytdi. Bu haqda Shomurodov o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Albatta, bizda bosim yo‘q. Shu sababli o‘yinda Portugaliyaga nisbatan biz uchun osonroq kechishi mumkin, deb o‘ylayman. Jamoamizda yaxshi muhit shakllangan. Birinchi uchrashuvdan keyin o‘zimizga bo‘lgan ishonch ham ortdi. Biz Jahon chempionatidagi debyutimizni amalga oshirdik va endi yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz”, deydi Shomurodov.
Shuningdek, u raqibning birinchi turdagi natijasi haqida o‘ylamayotganliklarini bildirdi.
“Biz Portugaliyaning birinchi turdagi o‘yini natijasiga alohida e’tibor qaratmadik. Hozir bu haqda o‘ylash vaqti emas. Balki uchinchi turdan keyin buni muhokama qilarmiz, ammo hozir barcha e’tiborimiz bugungi bahsga qaratilgan”, deydi terma jamoa sardori.
Shuningdek, Shomurodov Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdagi xatolardan tegishli xulosa chiqarilganini ham qayd etdi.
“Kolumbiyaga qarshi birinchi bo‘limda murabbiy ko‘rsatmalarini to‘liq bajara olmaganimiz ayrim xatolarga sabab bo‘ldi. Endilikda bunday kamchiliklarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. O‘z o‘yinimizni namoyish etib, to‘pni ko‘proq nazorat qilish va golli vaziyatlar yaratishga intilamiz”, deydi u.
Shu bilan birga Shomurodov jamoadagi ruhiy holat haqida ham fikr bildirdi.
“Hammasi yaxshi. Hayajon bo‘lishi tabiiy, ammo maydonga chiqqan dastlabki daqiqalardanoq bu hissiyot yo‘qoladi”, dedi Shomurodov.
Eldor Abbosbek Fayzullayev bilan o‘zaro hamjihatlik yuqori darajada ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Portugaliya va O‘zbekiston uchrashuvi bugun, 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi. Bahsni marokashlik hakam Jalol Jayed boshqarib boradi.
Live
Barchasi