Birjada suyultirilgan gaz va yog‘ arzonlashdi
Jamiyat
−
31 yanvar 2022
7595Joriy yilning 24 – 30 yanvar kunlari O‘zbekistonda paxta yog‘i, suyultirilgan gaz va poliyetilen narxi pasaydi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi” AJ Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta birja savdolarida 1 trln 598 mlrd 9 so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 8,1 foizga kamdir.
Shuningdek, ochiq birja savdolari orqali jami 1 trln 457 mlrd 8 so‘mlik tovar resurslari sotilgan. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘ygan, shu jumladan:
Paxta yog‘i
O‘tgan haftada birja savdolarida 1 398 tonna paxta yog‘i sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 62 xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 280,0 tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 849,4 ming so‘mdan 14 848,6 ming so‘mgacha, ya’ni 6,3 foizga pasayganini ta’kidlash lozim.
Suyultirilgan gaz
Birjaning suyultirilgan gaz bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 6 292,0 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va ulardan 5 982,0 tonnasi, ya’ni 95,1 foiz qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 173 xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 2 mln 890,4 ming so‘mdan 2 mln 649,9 ming so‘mgacha, ya’ni 8,3 foizga pasaygan.
O‘tkazilgan birja savdolari natijasida suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 2 mln 606,6 ming so‘mni tashkil etdi.
Poliyetilen
O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 4 623,0 tonna poliyetilen qo‘yilgan va ulardan 3 913,0 tonna, ya’ni 84,6 foiz hajmi sotildi. Poliyetilenning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 978,2 ming tonnani tashkil qilgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda poliyetilenning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 18 632,6 ming so‘mdan 16 269,2 ming so‘mgacha, ya’ni 12,7 foizga pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 96 xaridor ishtirok etdi.
LiveBarchasi