Birinchi “killer”lar guruhi – Hashshoshiylar yoki Assasinlar aslida kim bo‘lgan?
Bu qiziq
−
16 dekabr 2021
59545
Assasinlar deganda ko‘pchilikning xayoliga birinchi navbatda mobil telefon o‘yini keladi. Ammo ular to‘qima afsona emas. Assasinlar real hayotda mavjud bo‘lgan. XII-XIII asrlarda hozirgi Iroq va Eron hududlarida maxfiy qotillar guruhi paydo bo‘ldi. Ularni musulmon o‘lkalarda Hashshoshiylar, Yevropada esa Assasinlar deb atashgan. Hatto, Yevropa qirollari, baronlarini bosh egdirgan Rim Papasi ularning nomini eshitganda oyoq qo‘li qaltirab turgan ekan. Hashshoshiylar juda maxfiy va tezkor qotillar bo‘lgan. Bugungi maqolamizda, dunyodagi eng birinchi yollanma qotillar guruhi Hashshoshiylar yoki Assasinlar haqida so‘z yuritamiz.
Hasan ibn as-Sabbox
Yozma manbalarda, Hashshoshiy atamasi XII asr boshida musulmon tarixchilarining asarlarida uchraydi. Ularning asoschisi Hasan ibn as-Sabbox hisoblanadi. U qachon tug‘ilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Lekin tarixchilar uni Eronning Qum shahrida tavallud topganini yozishadi. Ayrim tarixchilar E.Braun, A.Ivanov, V.Stroyeva hamda Juvaynining yozishicha, Hasan ibn as-Sabbox Eronning Ray shahrida dunyoga kelgan.
Bolaligida as-Sabbox ismoiliy (VIII asr o‘rtalarida arab xalifaligida shialik yo‘nalishida shakllanib, X — XI asrlarda Yaqin va O‘rta Sharqda keng tarqalgan diniy oqim tarafdorlari) ulamolaridan saboq olgan. Keyinchalik u Fotimiylar poytaxti Qohira shahriga keladi. Bu yerda Hasan ibn as-Sabbox voizlik va fiqhdan bilim oldi. Ayrim manbalarda, u Saljuqiylar saroyida bir muddat mulozim bo‘lib ishlagani va o‘sha vaqtda Bosh vazir bo‘lgan Nizom ul-Mulk tomonidan saroydan quvilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Ammo bu ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Sababi Hasan ibn as-Sabbox ismoiliy mazhabiga e’tiqod qilgan va sunniy ulamolarni yoqtirmagan.
1090 yilda Hasan ibn as-Sabbox o‘z atrofidagi bir nechta shogirdlari bilan G‘arbiy Eron hududida joylashgan Alamut qal’asini jangsiz egallaydi. Uning maqsadi Saljuqiylar davlatini yo‘q qilish edi. Chunki as-Sabbox ismoiliy, Saljuqiylar esa sunniy mazhabiga e’tiqod qilgan. U Saljuqiylar davlatini harbiy kuch bilan yenga olmasdi. Boisi unda katta qo‘shin ham moddiy boylik ham bo‘lmagan. Shunda u hech narsadan, hatto, o‘limdan ham qo‘rqmaydigan, kuchli va yashinday tezkor qotillarni yetishtirishni o‘ylab topadi.
Hasan ibn as-Sabbox Alamut qal’asiga kelgan o‘z shogirdlariga ismoiliy yo‘nalishini va nega Saljuqiylarga qarshi kurashayotgani sabablarini o‘rgatadi. U mohir notiq bo‘lgani uchun ko‘plab yoshlarni o‘z tarafiga og‘diradi. Tarixiy manbalarda, as-Sabbox sehr bilan shug‘ullangani haqida ma’lumotlar uchraydi. Lekin ayrim tarixchilarning ta’kidlashicha, Hasan dunyoviy ilmlarni puxta egallagan. Shu bilimlar orqali, u yonuvchan moddalarni kashf etgan.
Hasan ibn as-Sabbox o‘z murid (izdosh, so‘fiylik yo‘nalishlaridan biri)lariga nazariy bilimlarni bergach, ularni jismonan chiniqtiradi. Ayrim tarixiy manbalarda yozilishicha, as-Sabbox Alamut qal’asida “Jannat” deb nomlangan bir xona qurdirgan va o‘z shogirdlariga Hashhash (Ko‘knorining bir turi) chektirib, ularni uxlatib qo‘ygan. Muridlar Jannat xonasida ko‘zlarini ochishgan hamda o‘zlarini xuddi Jannatga tushib qolgandek his etishgan. As-Sabbox o‘z muridlariga u buyurgan ishni so‘zsiz bajarishsa, ularga Jannatni va’da qiladi.
Nizom ul-Mulkning o‘ldirilishi
Hashshoshiylar o‘zlarining yagona imkoniyatidan foydalanish uchun qurbonni kerak bo‘lsa, 10-20 yil davomida kuzatgan. Ular hech qachon shoshqaloqlik bilan ish qilmagan. Assasinlar dushmanning ichiga kirib, ishonchli shaxsga aylana olgan. Hashshoshiylar o‘z o‘ljasini faqat xanjar orqali o‘ldirgan. Ularning ilk qurboni Saljuqiylar Bosh vaziri Nizom ul-Mulk (1018-1092) hisoblanadi.
Assasinlarning bir guruhi Hasan ibn as-Sabboxdan duo olib, Saljuqiylar poytaxti tomon harakatlandi. Ayrim tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1092 yil 10 dekabr kuni Hashshoshiy vakili Tohir Arroniy yashirin yo‘l bilan vazir saroyiga kirib, qishki bog‘da vazir Nizom ul-Mulkni zaharlangan pichoq bilan o‘ldiradi.
Boshqa tarixiy manbalarda yozilishicha, kunlarning birida Nizom ul-Mulk o‘z haramiga keta turib, yo‘lida uchragan qalandar (dunyo tashvishlaridan voz kechgan, daydib yuruvchi darvesh)ga salom berish uchun to‘xtaydi. Bu maxfiy qotillar vakili bo‘lib, to‘xtagan Bosh vazirni pichoqlab o‘ldiradi.
Saljuqiylar davlati Bosh vazirining o‘limi butun Islom olamida kuchli rezonansga sabab bo‘ldi. Hashshoshiylar Saljuqiy saroyiga shunday o‘rnashib oldiki, saroydagi barcha bir-biridan shubhalana boshladi.
Ba’zi tarixchilarning ta’kidlashicha, Saljuqiy sultoni Ahmad Sanjar Bosh vazirning o‘ldirilishidan so‘ng, Hashshoshiylar joylashgan Alamut qal’asi ustiga qo‘shin tortadi. Shunda Hasan as-Sabbox sulton Sanjarning huzuriga o‘z shogirdlaridan birini elchi qilib yuboradi. Sultonning chodiriga kirgan elchi, Hasan as-Sabboxning yuborgan xabarini yolg‘iz sulton Sanjarga aytishini bildiradi. Shunda chodirda faqat sulton Sanjar, uning ikki ishongan qo‘riqchisi va elchi qoladi. Elchi sultondan bu ikki qo‘riqchi nega chiqib ketmaganini so‘raydi. Shunda Ahmad Sanjar bu ikki askarga o‘z jonini omonat topshira oladigan darajada ishonishini aytadi. Elchi sultonga yuzlanib, “unda bu ikki askarga ayt, meni o‘ldirsin” deydi. Sulton qo‘riqchilarga elchini o‘ldirishni buyuradi. Lekin qo‘riqchilar joylaridan siljishmaydi. Shunda elchi ikki askarga sultonning bo‘g‘zidan olishni buyuradi. Bir qo‘riqchi sultonning qo‘lidan mahkam tutadi, ikkinchisi esa sulton Sanjarning bo‘g‘ziga Hashshoshiylarning xanjarini tiraydi. Elchi Sanjarga yaqinlashib, shunday deydi:
“Hasan as-Sabbox senga shuni aytib yubordi: Eng ishongan odamlaring orasida ham bizning odamlar bor. O‘lishni istamasang, ortingga qaytib ket”.
Shundan so‘ng sulton Sanjar yurishni bekor qiladi. Hashoshiylarning uyushtirgan suiqasdlari tufayli Saljuqiylar davlati tanazzulga uchradi.
Hashshoshiylarning hiylasi
Assasinlar o‘z dushmanlarida qo‘rquv uyg‘otish uchun jinoyat joyidan qochishmagan. Bu ularning o‘limdan qo‘rqmasligini ko‘rsatgan. Hashshoshiylar o‘lgach, to‘g‘ri jannatga tushishlariga ishonishgan.
Hasan ibn as-Sabbox Alamut qal’asida 75 yoshida vafot etdi. Lekin bu bilan Hashshoshiylar yo‘q bo‘lib ketmadi. Ibn Sabboxning vafotidan so‘ng, Rashididdin Sinon Assasinlarga yetakchi bo‘ldi. Shundan keyin ular yanada kuchga to‘ldi.
Saljuqiylar davlati qulagach, Assasinlar uchun yangi bir dushman paydo bo‘ldi. Bu odam Salohiddin al-Ayyubiy edi. Salohiddin Misrni fath etgach, ismoiliy yo‘nalishini taqiqlab, unga e’tiqod qiluvchilarni qatl qildirdi. Uning bu ishlaridan g‘azablangan Sinon Salohiddinga bir necha bor maktub yozib, undan bu ishlarni to‘xtashini so‘radi. Biroq Misr hukmdori Sinonning bu gaplarini rad etib, hozirgi Suriya hududidagi Hashshoshiylarning qal’asiga hujum qildi. Salohiddin al-Ayyubiyning qilgan ishlari uchun javob berish vaqt kelganini tushungan Rashididdin Sinon bir reja tuzadi. Ayrim tarixchilarning ta’kidlashicha, Salohiddin al-Ayyubiy bir kuni tongda uyg‘onsa, yonidagi xontaxtaga sanchib qo‘yilgan bir xanjarni ko‘radi. Xanjarning ostida bir parcha qog‘oz bo‘lib, unda shunday yozilgan edi:
“Bu xanjarni yuragingga sanchishimiz ham mumkin edi. Lekin sening o‘lishingni istamaymiz. Shuni bilki, ajal bizning qo‘limizda”.
Hashshoshiylar Salohiddin al-Ayyubiyni bekorga tirik qoldirmagan. Chunki o‘sha vaqtda Salohiddin Islom dinining himoyachisi deb e’lon qilingandi. Assasinlar Misr hukmdori bilan kelishib, yagona dushman nasroniylarga qarshi kurash olib borishdi.
Hashshoshiylar uchun eng katta muammo Sharqdagi nasroniy qirollari edi. Qirol Konrad Assasinlar joylashgan ko‘plab qal’alarni zabt etdi. Sinonning buyrug‘i bilan ikki Hashshoshiy rohib ko‘rinishiga kirib, kechasi qirolni o‘ldirib ketishadi. Ayrim tarixchilarning ta’kidlashicha, Sharqdagi nasroniy hukmdorlar o‘z jonlari uchun Assasinlarga tovon puli to‘lab turgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hashshoshiylar oltita vazir, uchta xalifa, o‘nlab shahar hukmdorlari va ruhoniylarni hamda qirol Raymund II, Monferratlik Konrad kabi bir qancha Yevropa hukmdorlarini yo‘q qilishgan.
1250 yilda Chingizxonning nabirasi Hulogu katta qo‘shini bilan G‘arbiy Fors hududlariga bostirib kirdi. Hulogu zaiflashib qolgan Alamut qal’asini vayron qildi. Keyinchalik, 1273 yilda Misr sultoni Beybars I Suriyaning tog‘li hududlarida Hashshoshiylarning so‘nggi boshpanasini vayron qildi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Assasinlar 1250 yilda Alamut qal’asi qulagandan so‘ng, o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
LiveBarchasi