Birinchi xonimlar Toshkentni aylanishdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning birinchi xonimlari Ziroat Mirziyoyeva va Kim Chjon Suk 19 aprel kuni qator ijtimoiy va madaniy muassasalar bilan tanishdilar. 

O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Prezidentining rafiqasi Kim Chjon Suk O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida Toshkentdagi Yakkasaroy tumani 369-son maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi.

Bolajonlik, oilaparvarlik va farzandlarga g‘amxo‘rlik kabi fazilatlar o‘zbek va koreys xalqlariga birdek xos. O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimida ilg‘or pedagogik yondashuvlardan, xususan, Janubiy Koreya tajribasidan ham keng foydalanilmoqda. “Ilk qadam” davlat dasturi joriy etilgan, inklyuziv ta’limga ixtisoslashgan mazkur bog‘cha faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Oliy martabali mehmonlar tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Har bir bolaning ijodiy va intellektual rivojlanishi uchun ishlab chiqilgan mashg‘ulotlarni kuzatdi va unda ishtirok etdi.

Ziroat Mirziyoyeva va Kim Chjon Suk O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida ham bo‘lib, xalq amaliy san’at ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirishdi. Ko‘rgazmada o‘zbek xalq amaliy san’atining eng go‘zal durdonalari — yog‘och o‘ymakorligi, badiiy kulolchilik, misgarlik, zargarlik, zardo‘zlik va kashtachilik namunalari namoyishga qo‘yilgan. Koreyalik oliy martabali mehmonga har bir hudud maktabiga xos bo‘lgan, qo‘l mehnati bilan yaratilgan so‘zanalar, ipak gilamlar juda manzur bo‘ldi. Atlas va adras to‘qish jarayoniga alohida qiziqish bildirdi. Shuningdek, milliy liboslar namoyishi, kelin salom marosimi mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi birinchi xonimlari Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi “Ariran” qariyalar uyida ham bo‘ldi. Koreys millatiga mansub keksa avlod vakillari istiqomat qiladigan pansionatdagi qulayliklar bilan tanishib, nuroniylar bilan suhbat qurishdi. Yoshi ulug‘ insonlarning “Koreya biz uchun tarixiy vatan bo‘lsa, O‘zbekiston - hayot bergan makon, biz undan qarzdormiz”, deb aytgan so‘zlarini tinglagan Kim Chjon Suk o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va koreys millatiga mansub fuqarolarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Birinchi xonimlar nomidan "Ariran" pansionatiga yangi avtobus sovg‘a qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-janubiy Koreya

Baholaganlar

141

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar