Birinchi bo‘limda jamoamda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim – Kannavaro

Sport

image

Bugun, 2 iyun kuni Kanadaning Edmonton shahrida O‘zbekiston terma jamoasi Kanadaga 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yindan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Har qanday uchrashuvlarda albatta xatolar bo‘ladi. Xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, aynan mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilgan yaxshiroq. Futbol shunday. Birinchi bo‘limda jamoamiz ixcham va agressiv o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa to‘p nazoratini ko‘proq qo‘lga olishni xohladik. Ammo intensivlikni yo‘qotdik va bir nechta xatolarga yo‘l qo‘ydik”, deydi Kannavaro.

Shuningdek Kannavaro futbolchilardan aynan birinchi bo‘limdagidek jadallikni kutganini va terma jamoaga kelganimdan beri yuqori tezlikda o‘ynash ustida ishlaganini ta’kidladi.

“Osiyo futboli bilan xalqaro futbol o‘rtasidagi farqni yaxshi bilaman. Bu oson emas, ammo birinchi bo‘limda jamoamda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim. Men Kanada terma jamoasini anchadan beri kuzatib boraman. U yerda ko‘plab do‘stlarim bor. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida jamoa sezilarli darajada o‘sdi. Futbol Kanadada juda ommalashdi”, deydi O‘zbekiston terma jamoasi ustozi.

Fabio Kannavaro o‘yinda jarohat olgan futbolchilar jumladan Aziz G‘aniyevning holati haqida ham ma’lumot berdi.

“Yuqori tezlikda o‘ynaganda jarohatlar bo‘lib turadi. Hozircha jiddiy narsa yo‘q. Ertaga va indinga ko‘ramiz. Menimcha, bugun hamma uchun eng katta muammo sovuq ob-havo bo‘ldi. Shunga qaramay, ko‘plab muxlislar stadionga kelishdi. Bunday qo‘llab-quvvatlash ostida o‘ynash biz uchun juda yoqimli bo‘ldi. Bunday stadionda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lsangiz, bundan zavqlanishingiz va buni qadrlashingiz kerak. Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarga rahmat aytishimiz kerak. Bugun bu sovuq havoda stadionga kelish oson bo‘lmadi”.

Shuningdek, Kannavaro guruh bosqichidagi raqiblar Portugaliya, Kolumbiya va Kongoni juda kuchli jamoalar deb atadi. Ular bilan o‘ynash juda qiyin bo‘lishini aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Kanada Fabio Kannavaro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing