Prezident moliyaviy xizmatlarga oid qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Republikasi Prezidenti “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishing.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tashkil etish uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek, tijorat banklarini mikromoliyalashtirish jarayonlariga jalb qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar respublikada mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hajmini yetarli darajada kengaytirishga imkon yaratganligini ta’kidlash lozim.

Shu bilan birga, mikromoliyalashtirish sohasini tartibga solish bo‘yicha xalqaro tajriba aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining mikromoliyaviy xizmatlarga o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun kredit tashkilotlarining salohiyatini oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu sababli mikromoliyalashtirish qonunchiligini yaxshilash, uning eng yaxshi amaliyotlarini, shu jumladan, masofadan turib xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini joriy etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar doirasini kengaytirish, aholida haddan tashqari qarz yuki shakllanishining oldini olish, aholining moliyaviy savodxonligini, moliyaviy ommaboplikni oshirish va mazkur xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish respublikada mikromoliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlarning hozirgi bosqichdagi dolzarb yo‘nalishlari bo‘lishi lozim.

Mikromoliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5614-son Farmoni bilan belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy ommaboplik sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda tarkibida moliyaviy xizmatlar ommabopligini kengaytirishni, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishni, moliyaviy xizmatlar iste’molchilari huquqlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasini (keyingi o‘rinlarda – Milliy strategiya) ishlab chiqishga Jahon bankining texnik ko‘magi jalb etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasini ishlab chiqish va kelgusida amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

mas’ul vazirlik va idoralarning Milliy strategiya ijrosining borishi bo‘yicha muvofiqlashtirilgan hamkorligini ta’minlash, zarur bo‘lganda belgilangan tadbirlarning bajarilishiga oid tezkor choralarni ko‘rish;

Milliy strategiyani amalga oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni tashkil etish, ushbu maqsadlarda seminarlar, davra suhbatlari, anjumanlar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish.

3. Muvofiqlashtiruvchi kengash (J.A.Qo‘chqorov):

bir oy muddatda mazkur qarorning 2-bandida ko‘rsatilgan tadbirlarni 2019 yil yakuniga qadar ijro qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin, shuningdek, reja ijrosining borishi to‘g‘risida har oy Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin;

2020 yil 1 yanvarga qadar “Moliyaviy ommaboplikni oshirishning milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:

2020 yil 1 yanvarga qadar sohaga ixtisoslashgan xalqaro ekspertlar ko‘magida aholining moliyaviy savodxonligi va moliyaviy ommaboplik darajasini xolisona baholash maqsadida tadqiqotlar va so‘rovlar o‘tkazsin;

moliyaviy ommaboplikni takomillashtirish uchun Moliyaviy inklyuziv ittifoq va xorijiy mamlakatlarning markaziy banklari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligining 2019 yil 1 avgustdan boshlab quyidagi tartibni joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin, unga muvofiq:

mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 million so‘mgacha, mikrokredit miqdori – 300 million so‘mgacha va mikrolizing miqdori – 600 million so‘mgacha oshiriladi;

mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 15 ish kunigacha qisqartiriladi;

mikrokredit tashkilotlari barcha ishonchli (blankli) kreditlarning ular shakllantirgan ustav fondiga foiz nisbatini mustaqil belgilaydi;

aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan mikrokredit tashkilotlariga korporativ obligatsiyalarni chiqarish va ularni faqat yuridik shaxslar o‘rtasida joylashtirish huquqitaqdim etiladi;

xorijiy mikrokredit tashkilotlariga O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan mikrokredit tashkilotlarining ustav fondida ishtirok etishiga ruxsat beriladi.

6. Belgilab qo‘yilsinki, 2019 yil 1 avgustdan boshlab:

a) mikrokredit tashkilotlariga:

banklar, sug‘urta kompaniyalari va boshqa moliya tashkilotlarning agenti sifatida agentlik xizmatlarini faqat naqdsiz shaklda ko‘rsatish va agentlik bitimining mavjudligi to‘g‘risida axborotlarni oshkor qilish, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlari normalarini bajarish sharti bilan qatnashishga;

makroprudensial nazorat doirasida belgilangan normalarga rioya qilinishini ta’minlaydigan hajmlarda kreditlarni (qarzlarni) jalb qilishga va korporativ obligatsiyalarni chiqarishga;

mikrokredit tashkilotlari boshqaruvining oliy organlari qarori bilan chakana xizmatlar, shu jumladan, naqdsiz shaklda ko‘rsatiladigan mikromoliyaviy xizmatlar markazlarini ular ochilgan kundan boshlab o‘n kunlik muddatda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankini xabardor qilgan holda ochishga ruxsat beriladi;

b) banklar va boshqa kredit tashkilotlari jismoniy shaxslarga banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan potensial qarz oluvchini masofadan turib identifikatsiyalash, ma’lumotlar xavfsiz almashuvini amalga oshirish va skoring modeli asosida qarz oluvchining kredit qobiliyatini baholashni ta’minlash sharti bilan onlayn-kreditlar (mikroqarzlar) berish huquqiga ega.

7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq quyidagilar taqiqlanadi:

jismoniy shaxslarga xorijiy valyutada kreditlar (qarzlar) berish va kreditlar (qarzlar) bo‘yicha ularning majburiyatlarini xorijiy valyutada hisobga olish;

nobank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslardan qisqa muddatli mikromoliyaviy xizmatlar ta’minotiga ko‘chmas turar joy mulkini garov sifatida qabul qilish;

ilgari olingan kreditlar (qarzlar) bo‘yicha so‘ndirilmagan muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirdajismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:

2019 yil 1 sentyabrga qadar mikrokredit tashkilotlari binolari va kassa xonalarining texnik jihozlanganlik talablarini bugungi kun talablari, xalqaro tajriba va mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish uslublarini takomillashtirishni hisobga olgan holda soddalashtirsin;

2019 yil 1 oktyabrga qadar qarz oluvchi jismoniy shaxslarning kreditlar (qarzlar) bo‘yicha qarz yukini hisoblash metodologiyasi va ruxsat etiladigan ko‘rsatkich birliklarini, shuningdek, jismoniy shaxslarning qarz yukining, shu jumladan, kunlik eng yuqori foiz stavkalari bo‘yicha o‘sishini cheklab turishga oid me’yorlarni tasdiqlasin;

2019 yil 1 noyabrga qadar kredit tashkilotlari tomonidan tavakkalchiliklarning mos ravishda boshqaruvi mavjudligi, kredit byurolaridan kredit ma’lumotlarini majburiy olish, faoliyatning xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlashni nazarda tutuvchi masofadan turib xizmat ko‘rsatish tartibini tasdiqlasin;

2019 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ilgari tijorat bankida dastlabki identifikatsiyadan o‘tgan jismoniy shaxsni kredit tashkilotlari tomonidan masofadan turib identifikatsiyalash mexanizmini joriy etsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi 2019 yil 1 dekabrga qadar:

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Garov reyestri” DUK ma’lumotlar bazasini Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasi bilan mikromoliyaviy xizmatlar bo‘yicha garovga qabul qilingan ko‘char mulkka taqiq qo‘yish, yechish va maqomini tekshirishga oid kredit tashkilotlarining foydalanish imkoniyatini kengaytirishni nazarda tutuvchi integratsiyasini ta’minlasin;

qonunchilikka mikromoliyaviy xizmatlar bo‘yicha garov shartnomasini majburiy notarial tasdiqlashni bekor qilish va kredit tashkilotlari tomonidan garov reyestrining ma’lumotlar bazasiga tegishli yozuvlarni kiritish bilan bir vaqtda ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligining ma’lumotlar bazalarida aks ettirish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2019 yil 1 noyabrga qadar mazkur qaror bilan belgilangan normalar ta’sirining tahlili, shuningdek, sohaga ixtisoslashgan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining ekspert xulosalaridan kelib chiqqan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

nobank kredit tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy asoslari;

nobank kredit tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalarning ruxsat beriladigan turlarini aniqlash;

mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish va ularning iste’molchilari huquqini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish;

nobank kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish tartibi.

11. Mazkur qarorni amalga oshirish bo‘yicha batafsil amaliy tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mas’ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari barcha tadbirlarning belgilangan muddatlarda so‘zsiz va sifatli bajarilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentyabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3270-son qaroriga 1-ilovaning 41-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ikki oy muddatda:

Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 23 iyul


Maqola muallifi

Teglar

qaror geologiya mineral resurs

Baholaganlar

6

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing