Bir yoshga to‘lgan “Tadbirkorlar maktabi”ga bir nazar

Biznes

image

Yurtimizda qurilish materiallari industriyasini rivojlantirish, sohada biznesni zamonaviy shaklda tashkil qilishda “Tadbirkorlar maktabi” o‘quv markazi o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan. 

Xususan, ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar, ishlanmalar, bilimlar va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni tayyorlash, korxonalarda yashil iqtisodiyotni joriy etish, mahsulotlarni xalqaro sifat standartlari doirasida ishlab chiqarilishiga ko‘maklashish, bo‘lajak tadbirkorlarning moliya, soliq, marketing va huquqiy savodxonligini oshirishdan iborat.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda mazkur maqsad yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 

O‘quv jarayoni dual ta’lim dasturi asosida yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, mashg‘ulotlar nazariy ta’lim, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya va mustaqil ta’lim tarzida olib borilmoqda.

Yigirmadan ziyod yuqori malakali pedagog-o‘qituvchilar jalb qilindi. Ular orasida Turkiyaning Maltepe universiteti hamda Budapesht texnologiyalar va iqtisodiyot universiteti professorlari ham o‘rin olgan.

Qurilish materiallari ustida tajriba va sinov ishlarini amalga oshirish maqsadida 73 turdagi laboratoriya uskunasi olib kelib o‘rnatildi. 

Tinglovchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish maqsadida “Ohangaronsement” AJ, “Farg'ona yasin qurilish mollari” MCHJ, “Namangansement” MCHJ, “Texnopark” MCHJ, “Sanfa products” MCHJ, “Orient-ceramic” MCHJ kabi qator yirik korxonalar bilan hamkorlik o‘rnatildi. 

O‘quv markaziga qabul tadbirkormaktab.uz sayti orqali onlayn tarzda ham yo‘lga qo‘yildi.

Markazning Samarqand (Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti qoshida) hamda Xorazm (Urganch davlat universiteti qoshida) viloyat filiallari faoliyat boshladi.

Barcha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2022 yilda markazda korxonalar rahbarlari, injener-texnologlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, doktorant va mustaqil izlanuvchilar, oliy ta’lim muassasalari hamda boshqa manfaatdor aholi vakillaridan iborat 484 nafar tinglovchi tahsil olib, maxsus sertifikatga ega bo‘ldi. 

“Tadbirkorlar maktabi” bitiruvchilari quyidagi fikrlarni bildirdi:

G‘ulom Shodiyev, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Binokor-miyonkor” MCHJ rahbari.

– O‘quv markazining tashkil etilishi biz, tadbirkorlar uchun juda muhim, manfaatli ish bo‘libdi.

Markaz haqida ommaviy axborot vositalari orqali xabar topib, o‘quv kursining 7-mavsumida qatnashdim. Unda jahon qurilish materiallari bozoridagi o‘zgarishlar, ilg‘or texnologiyalar, eksport talablari, sinov-laboratoriya ishlarining ahamiyati kabi tarmoqqa oid yo‘nalishlarda ko‘p yangiliklarga ega bo‘ldik.

Faoliyatimiz bino va inshootlarning yo‘lak qismi uchun bruschatka ishlab chiqarishga qaratilgan. Orttirgan bilim va ko‘nikmalarimni ishga solib mahsulotlarimiz turi va sifatini oshirishni niyat qildim. Bunda xom-ashyo sifatida sanoat chiqindilaridan foydalanamiz.

Humoyun Jonibekov, Toshkent viloyatidagi “Humo stroymix invest” MCHJ muhandisi.

– Qurilish materiallari ishlab chiqarishda Turkiya eng yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. O‘quv jarayoniga Turkiyaning Maltepe universiteti professor-o‘qituvchilari ham jalb qilingani bizni juda quvontirdi.

Xom-ashyoni tanlashda mavjud standartlarga e’tibor qaratish, texnologiyalardan foydalanishda ular yo‘riqnomasida keltirilgan parametrlardan chetga chiqmaslik, ayniqsa, bizning faoliyatimizda (quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarishda) muhim bo‘lgan jihatlar xususida zarur ma’lumotlar oldik.

Buning natijasida, hozirda korxonamizning ishlab chiqarish quvvati 10-15 foizga oshdi. Ularni eksport qilish borasida xorijiy hamkorlar bilan dastlabki muzokaralar olib borilmoqda.

Nasimula Nodirov, Jizzax viloyatidagi “Agrokvant” MCHJ menejeri.

– Faoliyatimiz eshik, romlar, metall listlardan turli buyumlar hamda suv minoralari va metall sig‘imlar ishlab chiqarishga qaratilgan.

To‘g‘risi, biz shu vaqtgacha hech bir nazariy-amaliy ishlanmalarsiz mahsulotimizning faqatgina dizayn qismiga e’tibor berib, tor doirada ish yuritganmiz.

O‘quv kursida sifat birlamchi omil, mahsulotlarni standartlashtirish esa, biznesning eng muhim sharti ekanligini bilib oldik.

Buni amaliyotda qo‘llab, qisqa muddatda natijaga erishdik. Mahsulotlarimizga qiziqish kuchaydi, buyurtmalar ko‘paydi.

Shuningdek, menga o‘quv markazida bitiruvchilarga keyinchalik ham amaliy yordam ko‘rsatilishi juda ma’qul keldi.

Mazkur barcha imkoniyatlarni hisobga olgan holda endilikda “Tadbirkorlar maktabi”da ishchi-xizmatchilarimizni ham o‘qitishni rejalashtirdik.

Bank Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing