Bir urganda, bellarigacha... yoxud “gazetchi” va “internetchi”lar nimani bo‘lisholmayapti?

Tahlil

image

Tan olib aytish lozim-ki, biz zamonaviy texnologiyalar asrida yashayapmiz va joiz bo‘lsa, ta’kidlash o‘rinliki, ushbu asrning ostonasidan endiga xatlab, uning ichki dunyosiga kirib boryapmiz. Dunyodagi barcha mamlakatlar davlat yuritish tizimida ushbu yangilikdan foydalanmoqda. Endi Prezidentga xat yozib, pochta qutisiga tashlanmaydi, bir zumda elektron murojaat qilish mumkin. Yoki to‘lovlar uchun navbat kutilmaydi, balki uydan turib bu ishni bajarsa bo‘ladi. Misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Aytmoqchimizki, raqamli texnologiya barcha jabhaga kirib bordi va o‘z ta’sirini ko‘rsatishni boshladi. Jumladan, ommaviy axborot vositalarida ham.

Kuni kecha QALAMPIR.UZ Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov bilan e’lon qilingan intervyudan so‘ng jamiyatda yana bir mavzu kun tartibiga ko‘tarildi. Lo‘nda qilib aytganda: “Bizga endi gazetalar kerakmi yoki yo‘q?”. Bu mavzu atrofida turli fikrlar o‘rtaga tashlanmoqda, har kim o‘zinikini ma’qullamoqda. Fikr berish, bildirish yaxshi, biroq biz ko‘pincha hissiyotga berilamiz va masalaning asl mohiyati qolib, keraksiz xayollar, manfaatlar ortidan quvib ketamiz. Internet tahririyatlari men “prav” desa, matbuotchilar ularga “tish qayraydi”. Mana shu jang maydoniga kirib borishga va o‘z fikrlarim bilan o‘rtoqlashishga jazm etdim. Zero bu masalada jurnalist sifatida fikr bildirishni burchim, deya bildim.

Davrga moslashuv

Insoniyat sivilizatsiyasi moslashuvlardan tashkil topgan. Chunki taraqqiyot ana shu moslashuvchanlikni talab etadi. Buni paypoq to‘qishdan tortib, davlat yuritish siyosatigacha bo‘lgan ishlarda misol qila olish mumkin. Agar siz harbiy salohiyatingiz bilan dunyo davlatlarni cho‘chitib turishni istasangiz, zamonaviy qurollarga ega bo‘lishingiz shart, busiz bo‘lmaydi. Iqtisodda puldan, vaqtdan yutishni, korrupsiya va monopoliyadan qutilishni istaysizmi, marhamat, raqamli iqtisodiyotdan foydalanish – davr talabi. OAV masalasida ham xuddi shunday deyish mumkin.

O‘zbekiston axborot maydonida elektron OAV mustahkam o‘rin egallagani va bu jarayon davom etayotgani sir emas. Bu, o‘z vaqtida, start olgan omadli ishlardan biri desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Vulqondek otilayotgan, buloqdek qaynayotgan axborot olamiga moslashuvchanlikda, shiddatli propagandalarga o‘z vaqtida javob qaytara olishda elektron OAV o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lib ulgurdi, garchi ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da... 

Ammo, afsuski, bu borada bosma OAV juda oqsadi, ortda qoldi. Keling, sabablarini tahlil etib ko‘ramiz. 

Sabablar... Bosma OAV nega oqsayapti?

Birinchidan, deyarli aksari gazeta va jurnallarda hali ham sovet davridagi ish yuritish tizimining saqlanib qolgani bo‘ldi. Tashabbus xodimlardan emas, yagona shaxsdan chiqishi to‘xtamadi. Bu ichki muhitga, xodimlar orasida ishchanlik ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda yangilikka intilish kamayadi, boshliqning aytgani aytgan, degani degan bo‘ladi. Garchi quruq raqamlar va shon-sharaf bitilgan, hech kim o‘qimaydigan maqola bo‘lsa ham, chop etilaverdi. Bu esa, tabiiyki, o‘quvchini o‘zidan sovutishga ulgurdi.

Ikkinchidan, moddiy holat. “Enasini ko‘rsatadigan” maqolalar, feletonlar yozadigan, tahlil va tanqidni joyiga qo‘yib qog‘oz qoralaydigan jurnalistlar, ijodkorlar yo‘q deysizmi, bor. Ammo ular gazetaga kamdan kam murojaat qilyapti. Chunki, gazetaning tiraji kam, u jonini jabborga berib yozgan maqolani yo o‘qishadi, yo o‘qishmaydi. Buning ustiga ganorar ham kam. Oqibatda gazeta sahifalarida “tosh bosadigan” maqolalar kamayib ketdi. Bu ham ularning ommalashuviga ta’sir ko‘rsatdi.

Uchinchidan, gazeta va jurnallarning chop etish tizimi eskirgan va qimmat usulda olib borilayotgani ham uning faoliyatiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Moddiy bazani ta’minlash, xodimlarga maosh berish, unga to‘lov, bunga to‘lov sabab – majburiy obuna kabi illat paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yildi. 

To‘rtinchidan, tan olish kerak, bosma OAV hamon zamonga moslasha olmaganida. Nega ularning sahifasi ijtimoiy tarmoqlarda faol emas. Nega aynan o‘sha sahifalar orqali “tandirdan yangi uzilgan” xabarlarni topish mushkul. Hozir istalgan, to‘g‘rirog‘i xafsala va qunt qilgan odam ijtimoiy tarmoqda sahifa ochib, aqli va ilmi yetgunicha yurityapti. Gazetaning Telegram, Instagram va Youtube singari ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari deyarli yo‘q? Chunki yuqorida sanab o‘tilgan sabablarning barchasi bunga to‘sqinlik qiladi.

Tan olmaslik – illat...

Dunyoda yuz berayotgan ta’lim tizimidagi islohotlarga o‘z vaqtida javob qaytara olgan jadidlar bu sohaga yangilik olib kirdi va bu o‘z samarasini berdi. Bu tan olingan tarixiy haqiqatdir. Ijtimoiy tarmoqlarni, jumladan, elektron OAVni mensimaydigan, ularga “bolalar ermagi” sifatida qaraydigan, byurokratik fikr yuritadigan ayrim jurnalistlar ham yo‘q emas. Bir narsani to‘g‘ri tushunish va ong ila qabul qilish lozim: axborot qay tarzda yetkaziladi: palma daraxti po‘stiga yozibmi, toshga o‘yibmi, bo‘zga chizibmi, gazetada chop etilibmi yoki internet orqali e’lon qilinibmi, gap bu haqida ketmayapti. Gap jahon axborot maydonida mustahkam o‘rin egallash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, xodimlarni qisqartirish emas, ijodkorlarni yanada ishga jalb etish, shu bilan birga ularni munosib moddiy rag‘batlantirish haqida boryapti.

Musulmon kishi sochini tagi bilan bilan oldirgani joizmi yoki o‘stirib yurgani, deya ahamiyatsiz mavzular ustida qir-pichoq bo‘lingan bir paytda boshqalar kosmosga yo‘l oldi, saraton, OITS kabi kasalliklar bilan kurashni boshladi. Siz bilan biz tortishib turgan internet degan “matoh”ni kashf etdi. Xuddi shunday hozir biz “gazeta yoki internet kerak”, degan gaplar ustida boshimizni qotirib, bir-birimizning yoqamizga osilsak, juda ko‘p narsalardan quruq qolamiz. Jahon axborot maydonida o‘zimizni o‘zimiz zaiflashtiramiz, kulguga qolamiz, obro‘imizni yo‘qotamiz. Hozir G‘afur G‘ulomning “Shum bola”sidagi Abo Muslimning bir urganda qanchalik yerga kirganlari muhim emas... Hozir “shum bola” bo‘lsa-da, ana shunday asarlarni dunyoga keltirish muhim. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

96

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing