Bir oy ichida barcha tug‘ruqxonalar skrining tekshiruvi uskunalari bilan jihozlanadi

Jamiyat

image

Endi Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir oy muddatda barcha tug‘ruqxonalarni eshitishni skrining tekshiruvi uskunalari bilan jihozlash va eshitish nogironligini kamaytirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi tayyorlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektr yig‘ilishida mutaxasisslar fikriga tayanib, ma’lum qildi. 

Davlat rahbari yig‘ilishni 102-sonli eshitishi zaif bolalar uchun maktab-internatida o‘tkazdi. 

“Mana hozir zaif eshituvchi bolalar bilan gaplashdim. Ko‘zlaridan gaplashgisi kelib yonib turibdi, ammo fikrini aytolmaydi. Ota-onasi uchun, men uchun, davlat, jamiyat uchun musibat bu. Agar barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini skrining qiladigan bo‘lsak, vaqtida zarur choralarni ko‘rish orqali eshitish nogironligini 60 foizga kamaytirish mumkin ekan”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuni hisobga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir oy muddatda barcha tug‘ruqxonalarni eshitishni skrining tekshiruvi uskunalari bilan jihozlash va eshitish nogironligini kamaytirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini kiritishga topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, joriy yil Xalq ta’limi vazirligiga “Zamin” fondi bilan hamkorlikda 2 ming 600 dan ziyod zaif eshituvchi bolalarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, ularni eshitish moslamalari bilan ta’minlash choralarini ko‘radi. Eshitish moslamalari va koxlear implantatsiya yordamida eshitish qobiliyati tiklangan bolalar bosqichma-bosqich umumta’lim maktablariga o‘tkaziladi va maktab-internatlar optimizatsiya qilinadi.

2022 yilda imkoniyati cheklangan bolalar va kattalarni zarur jihozlar bilan ta’minlash maqsadida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligiga 31 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bunda: 

•  bolalar serebral falaji, umurtqa pog‘onasi kasal bo‘lgan shaxslarda mustaqil yurish funksiyalarini qayta tiklash uchun 20 dona ekzoskelet;

•  880 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga zamonaviy pultli aravachalar;

•  ko‘zi ojiz bolalar va kattalar uchun 1 ming 800 dona ovozli termometr, 2 ming dona ovozli tonometr, 2 ming dona Brayl alifbosi bo‘yicha yozuv moslamalari;

•  nogironligi bo‘lgan shaxslar favqulodda vaziyatlarga tushganda ularga tezkor yordam ko‘rsatish uchun 6 mingta smart-soat, shuningdek yetarli miqdorda eshitish moslamalari xarid qilish nazarda tutiladi.

Yig‘ilishda tibbiy-ijtimoiy muassasalar kontingentini to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularni manzilli davolash va dam olishga yo‘naltirish shartligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasini joriy yil 1 mayga qadar ishga tushirishni ta’minlash topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

29

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing