Alyaskadagi uchrashuvga bir necha soat qoldi
Tahlil
−
15 avgust 7191 3 daqiqa
Rossiyaliklar Alyaskaga birin-ketin yetib bormoqda. Birinchilar qatorida har doimgidek siyosiy tadbirni yoritishga mas’ul jurnalistlar o‘z o‘rniga joylashib olgani aytilmoqda. RIA Novosti Vladimir Putin va Donald Trampning uchrashuvini yoritish uchun Alyaskaning Ankorij shahriga kelgan rossiyalik jurnalistlar Alyaska havo yo‘llari markazi – ko‘p funksiyali arenaga joylashtirilgani haqida xabar berdi.
Shu paytgacha rossiyaliklarning Alyaskaga borishida qator qiziq voqeliklar sodir bo‘ldi. Jumladan, Kremlning ashaddiy propagandachisi Margarita Simonyan o‘zining Telegram-kanalida rossiyalik jurnalistlar samolyot maxsus bortida Kiyev kotleti bilan mehmon qilinganini yozgan bo‘lsa, Ankorijga rasmiylar ichidan birinchilardan bo‘lib yetib kelgan Lavrov yana provokatsion tarzda ko‘rinish berdi. Moliya vaziri Anton Siluanov bilan kelgan Lavrov “SSSP” yozuvi tushirilgan ust-bosh bilan ommaga ko‘ringani qator muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Endi faqat Prezidentlar tashrifi kutilmoqda. Uchrashuv joyi ham, vaqti ham aniq. Muzokara Alyaskada joylashgan AQSHning Elmendorf-Richardson harbiy bazasida Qo‘shma Shtatlardagi mahalliy vaqt bilan tushki soat 11:30 da, Moskva vaqti bilan esa kechki 21:30 da boshlanadi. Bu esa Toshkent vaqti bilan tungi soat 23:30 ga to‘g‘ri keladi.
Yig‘ilish kun tartibi esa quyidagicha: dastlab, Vladimir Putin va Donald Tramp yakkama-yakka gaplashib olishadi. Undan keyin delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkaziladi. Muzokaralar yakunida esa ikki yetakchi matbuot anjumanida qatnashadi. Delegatsiyalar tarkibi ham allaqachon e’lon qilingan. Rossiya tomonidan Prezident Vladimir Putin, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Moliya vaziri Anton Siluanov va Prezidentning xorijiy davlatlar bilan sarmoya va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev ishtirok etadi.
AQSH ham bunday jiddiy muzokarada o‘zining doimiy va o‘zgarmas tarkibi bilan qatnashadi. Donald Tramp bilan birgalikda vitse-prezident Jeyms Devid Vens, Davlat kotibi Marko Rubio, Moliya vaziri Skott Bessent hamda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff 15 avgust oqshomida Putinning Ukrainanidagi bosqinini to‘xtatishga harakat qiladi.
E’tiborli jihati shundaki, Rossiyaning bu galgi tarkibida joriy yil Turkiyada Ukraina bilan o‘tkazilgan bir necha raundli muzokaralarda Istanbulga “o‘ynab kelish” uchun yuborilgan Medinskiy mavjud emas. Chunki u Rossiya muhim deb hisoblaydigan uchrashuvlarga yuboriladigan delegatsiyaga rahbarlik qilish uchun variant ham emasligi oldindan ma’lum edi. Shuning o‘zi Kremlning Istanbulda Ukraina bilan o‘tgan ko‘p raundli muzokaralarga “panja ortidan” qaraganini isbotlaydi. Demak, bu safar barchasi jiddiy o‘tishi ehtimoli juda yuqori. Ustiga-ustak, Tramp Alyaska sammitidan juda ijobiy natijalar kutmoqda. U Putin bilan muzokaralardagi muvaffaqiyat ehtimolini 75 foiz deb baholagani ham bejiz emas.
Ikki tomon ham ushbu sammitning asosiy masalasi Ukraina ekanini ta’kidladi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ham, Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ham Alyaskadagi eng ustuvor masala Ukraina inqirozi bo‘lishini ma’lum qilgandi.
Ammo delegatsiyalar tarkibida harbiy va siyosiy mavzulardan uzoqroq bo‘lgan mulozimlar yetarlicha. Masalan, Vladimir Putin Moliya vaziri Anton Siluanov hamda xorijiy davlatlar bilan sarmoya va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyevni bejiz o‘z ortidan ergashtirib kelmayotgani aniq. AQSH tomonda ham Skott Bessentning o‘z vazifalari borligi tabiiy. Chunki Tramp joriy inauguratsiyasidan ko‘p o‘tmay, Rossiya va AQSH rasmiylari Istanbul va Ar-Riyodda bir necha bor uchrashib, juda ko‘plab sohalarda aloqalarni tiklash va hamkorlik qilishga asta-sekin yo‘l ochishni boshlagandi. Alyaskadagi jiddiy uchrashuv Ukraina masalasi bilan birga, o‘sha ishlarining ham mantiqiy davomi bo‘ladi. Chunki delegatsiya tarkibi shunga ishora qilmoqda.
Live
Barchasi