Bir kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan Zohid Risqiyev qamalmaydigan bo‘ldi
3-sahifa
−
11 avgust 2023
18986Joriy yilning 9 avgust kuni sobiq “Ummon” guruhi xonandasi Zohid Risqiyev sodir etgan yo‘l-transport hodisasi, uning oqibatida bir kishi vafot etishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi va Riqsiyevga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.
Oliy suddan xabar berishlaricha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining ochiq sud majlisida Zohid Risqiyevga (1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Ummon” guruhining sobiq xonandasi, muqaddam sudlanmagan) oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud Zohid Risqiyevga jazo turi va miqdorini belgilashda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, shu bilan birgalikda Jinoyat kodeksining 7, 8-moddalarida ko‘rsatib o‘tilgan odillik va insonparvarlik tamoyillari hamda Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi Qarori talablaridan kelib chiqqan.
Shuningdek, Zohid Risqiyevga jazo tayinlashda, uning aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi, ularning sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rab bergan fikrini, sudlanuvchining sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanligini inobatga olib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi sanksiyasida nazarda tutilgan muayyan huquqdan, ya’ni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, shu bilan birgalikda tayinlanayotgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamasdan turib ham uni xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan fikrga kelib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llab, tayinlanayotgan jazoni shartli deb hisoblab, sinov muddati belgilashni maqsadga muvofiq deb hisoblangan.
Shu tariqa jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2023 yil 9 avgustdagi hukmiga ko‘ra Zohid Risqiyev Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Zohid Risqiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli hukm qilish) qo‘llab va tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilandi.
Bundan tashqari, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi.
Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.
LiveBarchasi