Bir qator hokim o‘rinbosarlari va yordamchilari pora bilan ushlandi (video)
3-sahifa
−
05 noyabr
18241Qashqadaryo, Navoiy, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida bir necha tuman hokimlarining o‘rinbosarlari va yordamchilari tomonidan sodir etilgan pora olish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan ob’ektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga tuman hokimligining ma’muriy binosi yonida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ob’ektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan bartaraf etib berish evaziga 15 million so‘m olgan vaqtida viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham qo‘lga olingan.
Hozirda hokim o‘rinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Navoiy viloyatining Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i olib berish evaziga 20 million so‘m olgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi o‘z xizmati uchun 10 million so‘m hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablag‘i ajratib berish evaziga 2 million so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga bankdan 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishida yordam berish evaziga 9 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlash evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan Xovos tumani hokimining o‘rinbosari Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.