“Bir ibora uchun jinoiy ish”. Rossiyadagi oxirgi mustaqil siyosatchi panjara ortiga kirishi mumkin
Olam
−
26 avgust 2022 7162 3 daqiqa
Rossiyaning Yekaterinburg shahrining sobiq meri Yevgeniy Royzmanga qarshi armiyani “diskreditatsiya” qilish ayblovi bilan jinoyat ishi ochildi. U joriy yilning 24 avgust kuni qo‘lga olindi. Bu haqda uning yordamchisi Leyla Guseynova ma’lum qilgan.
Royzmanning xayriya jamg‘armasi va “Nevyansk sanami” xususiy muzeyida tintuv o‘tkazilgan.
“Royzmanni qo‘lga olishdi. Ular tintuv o‘tkazishyapti, bizning kelishimizni va hamma narsani ochishimizni kutishmoqda. Muzeyda ham tintuv o‘tkazishmoqchi, ammo hozir u yerda ham hech kim yo‘q”, deya tushuntirgan Guseynova.
Huquq-tartibot idoralarida sobiq merga nisbatan “Qurolli Kuchlardan foydalanishni obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar” moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgani ma’lum qilingan.
Hukumatparast “Ura” nashrining yozishicha, Royzmanning kvartirasidan xorijlik diplomatlar va jamoat arboblari, jumladan, Ukraina Xavfsizlik xizmati sobiq rahbarining vizit kartalari topilgan.

Shu bilan birga, advokat Idamjapovning aytishicha, muzey va Royzmanning uyida tintuv o‘tkazilganda uyali telefondan boshqa hech narsa musodara qilinmagan. Tintuvlardan so‘ng siyosatchi IIVning Sverdlovsk viloyati bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasiga so‘roqqa olib ketilgan. Idamjapov, shuningdek, Royzman armiyani “obro‘sizlantirish” ishi bo‘yicha 48 soat hibsga olinganini aytgan.
Ish Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 280.3-moddasi 1-qismi bilan ochilgan, degan Royzmanning o‘zi uni kvartiradan olib chiqishda. Ushbu moddaga ko‘ra, u uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
“Aslida bir ibora –“Ukrainaga bostirib kirish...” deganim uchun ish ochishdi Men hamma joyda aytganman, hozir ham aytaman”, deydi Royzman.
Royzmanga ehtiyot chorasi tanlash bo‘yicha o‘tkazilgan sudda sudya Oksana Mamontova siyosatchiga jamoat joylariga borish, guvohlar bilan muloqot qilish (birga yashayotganlar bundan mustasno), pochta jo‘natish (faqat tergovchilarga) hamda telefon va internet foydalanishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Royzman sud zalida ozod qilindi. Tergov iltimosnomasining kuniga 1 daqiqaga uydan chiqish imkoniyati haqidagi qismi sudya tomonidan rad etildi.
Rossiyadagi so‘nggi mustaqil siyosatchi deb bilinuvchi Yevgeniy Royzmanni qo‘llash uchun Yekaterinburg va Moskvada namoyishlar o‘tkazildi.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, 24 avgust kuni kechqurun Royzmanni qo‘llab-quvvatlash uchun Yekaterinburgdagi “1905 yil” maydoniga bir necha o‘nlab odamlar to‘planishgan, odamlar Lenin haykali yonidagi zinapoyada o‘tirishgan. Namoyishchilar “hukumatimiz odamlarni mashinada aylantirishni juda yaxshi ko‘radi va vaziyatni og‘irlashtirishni xohlamaymiz”, deb tinchgina norozilik bildirishlarini aytishgan.
Shunga qaramay, politsiya ishtirokchilardan birini hibsga olib, aksiyani tarqatib yuborgan.
Shuningdek, Yekaterinburgda siyosatchining xususiy muzeyi hamda Moskvada Davlat dumasi oldida bir kishilik namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
Qayd etish kerakki, joriy yil bahorda Royzman Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning xuddi shunday moddasi bo‘yicha uch marta jarimaga tortilgan. Mart oyining oxirida Yekaterinburgning Oktyabr sudi unga har biri 50 ming rubldan ikkita, aprel oyi boshida yana bir jarima solgan. Sobiq hokimning himoyasi bu qarorlar ustidan shikoyat qilgan, biroq viloyat sudi ularni o‘z kuchida qoldirgan.
May oyida Royzman hokimiyatga hurmatsizlik qilgani uchun yana 85 ming rubl jarimaga tortildi. Bunga ijtimoiy tarmoqlarda Royzman tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov haqida haqoratli izoh qoldirgani sabab bo‘lgan.
Live
Barchasi