“Bir daqiqangiz ham bekor o‘tmasin”. Prezident Qashqadaryoda yoshlar bilan suhbatlashdi

Jamiyat

−

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan “Kasblar shaharchasi” faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qiymati 42 milliard so‘m bo‘lgan texnikum 5,2 gektar maydonda joylashgan. Uning tarkibida o‘quv binolari va laboratoriyalar, ustaxonalar, yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona va “Kasblar shaharchasi” barpo etilgan. Jami 14 ta bino va inshootni qamrab olgan muassasada 80 ta ish o‘rni yaratilgan.

Hozir u yerda 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 417 nafar yosh tahsil olmoqda. O‘quv jarayoniga Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi tatbiq etilmoqda.

Texnikum viloyatdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham metodik va amaliy baza bo‘lib xizmat qiladi. Ularda tahsil olayotgan 2 ming 800 nafar o‘quvchi shu yerda amaliyot o‘taydi. Amaliyot va dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha 32 ta yirik tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan, yana 11 tasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Yil yakuniga qadar 500 nafar yoshni nemis tiliga o‘qitib, Germaniyada haq to‘lanadigan amaliyotga yuborish ko‘zda tutilmoqda. Davlat rahbari stajirovkaga ketayotgan bir guruh yoshlar bilan suhbatlashgan.

“Barcha sa’y-harakatlarimiz sizlar kasb egallashingiz uchun. Kasbli bo‘lsangiz, hech qachon kam bo‘lmaysizlar. Bilim va hunarni puxta egallasangiz, qayerda bo‘lmang, o‘z o‘rningizni topasizlar. Bugun sizlarga shunday imkoniyat berilyapti. Undan to‘g‘ri foydalansangiz, o‘zingiz, farzandlaringiz va nevaralaringiz uchun farovon hayotga zamin yaratasizlar. Shuning uchun bir daqiqangiz ham bekor o‘tmasin”, deydi Prezident.

Suhbatda maktab davridanoq kasb va til o‘rgatishga e’tibor berish zarurligi ham ta’kidlangan. “Kasblar shaharchasi” shu maqsadda maktab o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatini erta aniqlash, ularni kasbga yo‘naltirish uchun tashkil etilgan.

Yoshlar u yerda axborot texnologiyalari, “yashil” energetika, robototexnika, dronlarni boshqarish va elektromobillarga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar bilan tanishadi. Shuningdek, tikuvchilik, oshpazlik, santexnika, zootexnika va agronomiya bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.

Viloyatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari yangi mutaxassislarga ehtiyojni oshirmoqda. Shu bois, texnikum imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, ta’lim dasturlarini ish beruvchilar talabiga moslashtirish va yoshlarni yangi korxonalar uchun maqsadli tayyorlash muhimligi ta’kidlangan.

Shu yerda Qashqadaryo viloyati ta’lim tizimidagi zamonaviy yondashuvlar hamda Germaniya bilan hamkorlikdagi istiqbolli qo‘shma loyihalar yuzasidan axborot berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing