Bilimsizlik ochlikka olib keladi(mi)?

Jamiyat

image

So‘nggi besh yilda dunyo bo‘yicha ochlikdan aziyat chekayotgan aholi soni 60 millionga oshgan. Sayyorada och qolayotgan aholining umumiy ko‘rsatkichi esa 8,9 %ni tashkil etadi. Agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qoladigan bo‘lsa, 2030 yilga borib, ocharchilik sharoitida yashayotganlar soni 840 millionga yetishi mumkin.
 
Bu juda jiddiy va o‘ylantiradigan muammo. Statistikani o‘rganadigan bo‘lsak, ocharchilik, asosan qishloq xo‘jaligi rivojlanmagan, mavjud yer resurslaridan unumli foydalana olmayotgan mamlakatlarda kuzatilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Aholi sonining ortib borishi o‘z navbatida uni yetarli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni nazarda tutadi.

Mana nima uchun jahonning yetakchi davlatlari qishloq xo‘jaligida yangicha texnologiyalarni joriy etish masalasiga katta e’tibor qaratmoqda.

O‘zbek xalqining hayotini yerdan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Azal-azaldan ota-bobolarimiz dehqonchilik, bog‘dorchilik orqasidan ro‘zg‘or tebratib kelgan. Hosildor yerimizda yetishtirilgan mazali mevalarimiz, poliz ekinlarimiz butun dunyoda mashhur. Ammo, dunyo tezlashib, barcha sohalarda yangi bilim va texnologiyalar joriy etilayotgan bugungi kunda an’anaviy, eskirgan usullar bilan ish qilib bo‘lmaydi.

Qariyb 40 millionga yaqinlashib qolayotgan aholini xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash hazilakam gap emas.

 Jahon ekspertlari fikricha, ayni paytda qo‘llanilayotgan agrar texnologiyalar bilan mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish evaziga 10 miliarddan ortiq odamni boqish mumkin ekan. Ammo buning uchun, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orishning yangi texnologiyalari, samarali usullaridan xabardor bo‘lish talab etiladi.


 
Oziq-ovqat bu inson yashashi uchun zarur bo‘lgan asosiy resurslardan biri. Olamshumul muammolar haqida o‘ylash uchun ham odamning, avvalo qorni to‘q bo‘lishi kerak. Harakatda barakat, deydi dono xalqimiz. Shunday ekan, aholi turmush darajasini oshirish uchun barcha sohalarda, jumladan qishloq xo‘jaligida ham muntazam ravishda islohotlar olib borish zarur. Sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar shu kabi masalalar mohiyatini anglab yetishi, har bir ishni tavakkalchilik yoki qo‘shnisi Hoshimjon aka shunday qilsa, yaxshi bo‘ladi, degani uchun emas, balki shunday qilsa to‘g‘ri bo‘lishi aniqligidan kelib chiqib bajarishi lozim. Qishloq xo‘jaligi sohasiga jiddiy e’tibor qaratish, ayniqsa, sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning bilimini oshirish, yangi texnologiyalardan foydalanishni o‘rgatish haqida jiddiy o‘ylash vaqti keldi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

70

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing